O‘qituvchilar qurultoyi Samarqanddan boshlandi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “O‘qituvchilar qurultoyi”ning dastlabkisi Samarqand viloyatida tashkil etildi.
Ta’lim islohotlarini birgalikda amalga oshirish, o‘qituvchilarni yagona kuchga aylantirish hamda mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida o‘tkazilayotgan qurultoy Samarqand shahridagi Prezident maktabida seminar-trening bilan boshlandi.
Ayni paytda viloyatning bir guruh pedagoglari Prezident maktabida faoliyat yuritayotgan xorijlik malakali mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilayotgan seminar-treningda qatnashmoqda.
[gallery-15136]
– Qurultoy doirasida maktabimizda o‘tkazilayotgan seminar-trening mashg‘ulotlarida viloyatimiz pedagoglari boshlang‘ich ta’lim, aniq fanlar, tabiiy fanlar, ona tili va adabiyot yo‘nalishlaridagi zamonaviy ta’lim metodikalari bo‘yicha o‘z bilim va malakalarini oshirmoqda, – deydi Samarqand shahridagi Prezident maktabi direktorining maxsus fanlar bo‘yicha o‘rinbosari Sanjar Egamov. – Mashg‘ulotlar maktabimizning eng tajribali xorijlik mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda. Bunda asosiy e’tibor bugungi kunda ta’lim berish jarayonlarini eng samarali usullarda tashkil etishga qaratilgan. Xususan, o‘qish savodxonligi va ona tili fanlari doirasida 4K modelini qo‘llash, o‘quvchilarda XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish, loyihaga asoslangan ta’lim kabi metodikalardan foydalangan holda umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish maqsad qilingan. Bu metodikalarni afzalligi unda o‘qituvchi o‘quvchilarni yo‘naltirgan holda darsni o‘zlashtirishda o‘quvchilarning faolligini oshiradi. Albatta, ushbu mashg‘ulotlar tizimda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev ishtirok etmoqda.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari