O‘qituvchilar mehnati soddalashtirilmoqda
Kundalik raqamli ta’lim platformasida O‘zbekiston bo‘ylab 6 mingdan ortiq maktab ro‘yxatdan o‘tgan, ulardan 5 mingdan ko‘prog‘i qog‘oz kundalik va jurnallardan butunlay voz kechib, elektron hujjat aylanishiga o‘tgan.
“Kundalik” kompaniyasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ishlanmalar sababli O‘zbekiston ta’lim xizmatlari bozorida ta’lim sifatini oshirish, ish jarayonini raqamlashtirish orqali o‘qituvchilar mehnatini soddalashtirish bo‘yicha yangi xizmatlar paydo bo‘ldi.
Yangilangan “Kundalik.Teacher” mobil ilovasi o‘qituvchiga internet tarmog‘iga ulanmasdan turib, baho qo‘yish, o‘chirish, o‘zgartirish, dars mavzusi hamda uy vazifasi matnini o‘zgartirish imkonini beradi. Hozirgacha O‘zbekistonning 200 mingdan ortiq pedagogi ilovadan foydalanmoqda. O‘tgan yilgi asosiy ishlanmalardan biri “Kundalik.Family” ilovasining ikkita talqini mavjud – asosiy (bepul) va PRO (pullik). Ilova yordamida ota-onalar farzandining qayerdaligi, baholari va davomati haqida tezkor bildirishnoma olishi, bolaning sinfdagi reytingi, keyingi o‘quv kunidagi uy vazifalari soni, o‘rtacha ball va hafta yakunlarini ko‘rishi mumkin. Maktab o‘quvchilarida esa ilova orqali kundalikning barcha xizmatlaridan foydalanish, uy vazifalari va fayllarni bajarilgan ijodiy topshiriqlar bilan birga yuborish, jadvalni ko‘rish va o‘z kunlarini mustaqil ravishda rejalashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Foydalanuvchilarga yangi mahsulotning qulayligini sinab ko‘rish imkoniyatini berish uchun “Kundalik.Family” ilovasi 2021 yil oxirigacha bepul taqdim etildi. Hozirning o‘zidayoq ilova “Play Market” va “App Store”da 1 million marotabadan ortiq yuklab olingan.
“Kundalik.Tracker” – bu PRO obunasiga kiritilgan bepul dastur bo‘lib, bolaning qayerdaligi haqida ma’lumot olish uchun yaratilgan va hozirgacha 58 ming marotabadan ko‘proq yuklab olingan. O‘tgan 2021 yilda maktab o‘quv dasturidagi fanlarni qo‘shimcha o‘rganish uchun multiservisli onlayn platforma yaratish maqsadida “Kundalik.Smart” loyihasi ham ishga tushirildi. Ushbu loyiha konstruktor, fanlar, sinflar yoki respublika ro‘yxatiga kiritilgan darsliklarning mazmuni bo‘yicha guruhlangan o‘quv qo‘llanmalari katalogini o‘z ichiga oladi. Platformada shuningdek, masofaviy ta’lim xizmatlari, motivatsiya va geymifikatsiya vositalari taqdim etilgan.
bugungi kunda o‘qituvchi “Kundalik”dagi “Kalendar rejalashtirish” bo‘limi orqali o‘zining raqamli darsini yaratishi, uni video, audio materiallar, test topshiriqlari bilan boyitishi hamda uy vazifasi sifatida berishi mumkin. Agar xohish bo‘lsa, mashg‘ulotni darslik yoki mavzu bo‘yicha rasmiy tematik reja bilan bog‘lash mumkin.
Dekabr oyida “Zoom”ning Kundalik platformasiga integratsiyasi amalga oshirildi. Bu o‘qituvchilarga maktab o‘quvchilari uchun onlayn video darsliklarni tez, oson va bepul o‘tish imkonini berdi. Kundalik ta’lim platformasidagi “Zoom” imkoniyatlari videodarslarni yaratish va rejalashtirish jarayonini soddalashtiradi, o‘qituvchilarga hatto masofaviy o‘qitish davrida ham zamonaviy EdTech vositalaridan foydalanish imkonini beradi. Ushbu funksiya mavjud bo‘lgan maktablar ro‘yxati asta-sekin kengaymoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida tizimda 562 milliondan ortiq baho qo‘yildi, 55 milliondan ortiq uy vazifasi topshirildi. O‘rtacha hisobda platformadan kuniga 1,2 million nafardan ortiq foydalanuvchi foydalandi.
Yil davomida “Kundalik”ning qo‘llab-quvvatlash xizmati xodimlari tomonidan tizim bilan ishlash bo‘yicha 53 ming marta maslahat berilgan. Kompaniya uslubchilari esa 67 ming nafardan ortiq o‘qituvchi, tuman va viloyat XTB xodimlarini platforma bilan ishlashga o‘rgatdi, 4,5 mingdan ortiq maktab o‘qituvchisi uchun 650 dan ortiq onlayn suhbat, seminarlar o‘tkazildi. Shuningdek, 1,7 ming nafar ota-onalar uchun “Kundalik” imkoniyatlari taqdim etildi.
Yangi yilda foydalanuvchilar uchun yangi xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va ta’lim sohasida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.
B.Meliqulova, O‘zA