O‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ladi
Mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” g‘oyasi asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan atigi bir necha yil ilgari o‘quv yili ibtidosi muallimning yozilmagan yillik ish rejasida paxta mavsumining boshlanishini belgilab berardi. Qahraton qishga dovur davom etadigan bu mavsumni o‘qituvchi o‘z o‘quvchilari bilan birga “yollanma terimchi” sifatida dalada o‘tkazar edi. Biroq, shu bilan uning “yollanmaligiga” yakun yasalmasdi. Qishda bir muddat o‘z kasbi bilan shug‘ullansa-da, shunda ham bir dunyo qog‘ozlaridan ortib, o‘quvchilari uchun vaqt ajratolmay qolardi. Bahor boshlanishi bilan yana dala yumushlariga jalb qilinar edi. Bundan tashqari, obodonlashtirish, qurilish ishlarida ham “dastyorlik” o‘qituvchilarning zimmasida edi. Bu xizmatlari uchun esa arzimagan maosh to‘lanardi. Muallimning obro‘yi, sha’ni, qadri haminqadar baholangani tufayli, aksariyat o‘qituvchilar boshqa sohalarga o‘tib ketishdi, ayniqsa, erkak o‘qituvchilar tizimni deyarli tark etdi.
Ta’lim sifati va samaradorligi, o‘qituvchilarning sifat tarkibi ham shunga mutanosib edi. 2016 yilda viloyatda 536 ta maktabda 22 ming 871 nafar pedagog kadrlar asosiy shtatda va 687 nafar o‘rindosh sifatida faoliyat olib borgan. Pedagoglarning atigi 633 nafari oliy, 4 ming 48 nafari 1-, 9 ming 47 nafari 2-toifali, 9 ming 143 nafari esa mutaxassis malaka toifalariga ega bo‘lgan. Tizimda erkak o‘qituvchilar soni atigi 5 ming 486 nafarni tashkil etgan.
Bugun esa ta’lim-tarbiya – mamlakat e’tiboridagi eng ustivor masalaga, o‘qituvchi esa jamiyatning nufuzli va obro‘li vakiliga aylandi. Endilikda u faqat o‘quvchisining ta’lim-tarbiyasi uchun mas’ul, xizmat doirasiga kirmaydigan boshqa barcha yumushlardan ozod. Kelajagi buyuk Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy tayanch hisoblanadi. Buning uchun bugun o‘qituvchilarga ulkan imkoniyatlar yaratildi, qator imtiyozlar berildi. Bir so‘z bilan aytganda, muallimning mehnati, qadri yuksaldi.
O‘qituvchilarga berilayotgan imkoniyatlar tufayli bugungi kunda viloyatdagi oliy toifali o‘qituvchilar soni 4 ming 142 nafarga, birinchi toifali o‘qituvchilar soni 9 ming 126 nafarga oshdi. Shuningdek, toifasiz mutaxassis pedagoglar soni 6 ming 299 nafarga, o‘rta-maxsus ma’lumotli pedagoglar soni 1 ming 612 nafarga kamaydi.
Umumta’lim maktablarida erkak o‘qituvchilarning soni 2016 yilga nisbatan 1 ming 612 nafarga oshib, 7 ming 99 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich umumiy o‘qituvchilar soniga nisbatan 24,8 foizni tashkil etmoqda. O‘qituvchi qachon to‘la xotirjam bo‘ladi, qachon o‘z ustida astoydil izlanadi, yangiliklar yaratadi? Albatta, bularning barchasi avvalo uning iqtisodiy jihatdan ta’minlanganligi, oila, ro‘zg‘or tashvishlaridan xoliligi va mehnatlarining jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanganligi bilan bog‘liq.
Bugun o‘qituvchilar mehnatiga munosib tarzda haq to‘lanayotganligi, ustamalarning joriy etilganligi, pedagoglarning sohaga ko‘rsatayotgan tashabbuskorligi, fidoyiligi yuksak rag‘bat topayotganligi ularni yanada faollikka undamoqda.
Ayni paytda viloyatimiz umumta’lim maktablarida 7 milliondan 10 milliongacha oylik maosh olayotgan o‘qituvchilar soni 50 nafardan ortiq, ming AQSH dollari va undan ko‘proq maosh olayotgan o‘qituvchilar soni 20 nafarni tashkil etmoqda. Birgina 2022 yilda viloyat xalq ta’limi tizimida samarali mehnat qilib kelayotgan pedagog-xodimlarning 8 nafari davlat mukofoti bilan, 61 nafari esa “Xalq ta’limi a’lochisi” hamda “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Bu avvalgi yilga nisbatan 35 foizga ko‘p. Shuningdek, 130 nafar pedagog-xodimlar “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Respublika va viloyat miqyosida yaxshi natijalarga erishgan 30 ga yaqin maktab direktorlari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlandi. 15 nafar maktab direktorlariga mahaliy byudjet mablag‘lari hisobidan Turkiya, Birlashgan Arab Amirlikari davlatlariga bir haftalik dam olish uchun sayohat yo‘llanmalari berildi.
Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan jamoalar qatorida Buxoro shahridagi 40-umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilaridan iborat viloyat jamoasi ham Buyuk Britaniya davlatiga ta’lim sayohatida bo‘lishdi. “Eng yaxshi chet tili fani o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi bo‘lgan 5 nafar o‘qituvchi xorijiy mamlakatda malaka oshirib qaytdi.
Ustozlar qadri yuksalgan yurt, albatta, barqaror bo‘ladi. Chunki millat va xalqning rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirish, avvalambor o‘qituvchilar faoliyatiga bog‘liq. Ammo afsuski, amalda hali-hanuz o‘qituvchilarimizning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish holatlari uchrab turibdi. Ayniqsa, keyingi paytdlarda o‘z o‘quvchilarini ta’limga, tarbiyaga chaqirgan o‘qituvchilarni ota-onalar tomonidan tahqirlash holatlari ko‘p kuzatilyapti. Axir o‘qituvchi o‘quvchining faqat ta’lim olishigina emas, balki tarbiyasi uchun ham mas’ul. Ta’lim va tarbiya uyg‘unlikda olib borilmas ekan, farzandlarimizning barkamol inson bo‘lishlari amri mahol.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ana shu jihatlarning barchasi e’tiborga olingan va bunda barcha muammolar o‘z yechimini topadi.Ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ladi. Shuningdek, ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshmoqda.
Jamiyatda o‘qituvchining obro‘sini ko‘tarishga, uning ilm-fan, ta’lim sifati bilan shug‘ullanishiga barcha sharoitlarni yaratayotgan, farzandlarimizning sifatli ta’lim olishi, ularning porloq kelajagi uchun beqiyos imkoniyatlar eshigini ochayotgan, muhimi, shunga huquqiy asos berayotgan Bosh Qomusimizga kiritilayotgan o‘zgarishlarga biz – Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari befarq emasmiz.
Farrux Qurbonov,
Buxoro viloyati maktabgacha va
maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i
O‘zA