O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosib nishonlandi
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni tantanalari Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida, shuningdek, o‘quv muassasalarida umumxalq bayrami sifatida keng nishonlandi.
Viloyat hokimligining anjumanlar saroyida tashkil etilgan bayram tadbirida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev davlatimiz rahbarining O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va barcha ustoz-muallimlarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.

– Ushbu qutlug‘ ayyomni mamlakatimizda keng nishonlar ekanmiz, birinchi navbatda qadrdon maktabimiz, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi, – dedi viloyat hokimi o‘z tabrigida. – Biz uchun hamisha ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan mo‘’tabar ustozlar sha’niga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etsakda kam.Zero, hazrat Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham ustozlarning olijanob mehnatlari haqqini ado etib bo‘lmaydi.

Prezidentimizning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan umumta’lim maktablari, kasb-hunar ta’limi muassasalari hamda oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchi va murabbiylaridan bir guruhi davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
–Davlatimiz yuksak mukofoti – “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoni bilan taqdirlanganim zamirida, avvalo, ustozlarimning mashaqqatli mehnatlari mujassam, deb o‘ylayman, – deydi Jizzax shahridagi 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi Dilbar Abdullayeva. – Chunki ustozlarimiz saboqlaridan olingan mukammal ta’lim-tarbiya mehnat va hayot faoliyatimizda eng asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Prezidentimizning farmoniga asosan taqdirlangan jizzaxlik o‘qituvchi va murabbiylarga yuksak davlat mukofotlarini viloyat hokimi Ergash Saliyev tantanali ravishda topshirdi.
Taniqli san’atkorlar va ijrochi yoshlar tomonidan namoyish etilgan bayram konserti tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari.