O‘qituvchi majburiy mehnatdan yiroqda
Konstitutsiya – xalq pasporti
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tug‘ilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonida ham ta’lim-tarbiya masalalariga alohida ustuvorlik berilgani barchamiz uchun quvonarli.
Masalan, qonunimizning qator moddalarida ta’lim siyosatiga alohida e’tibor qaratish, pedagoglarning kasbiy faoliyatini tubdan isloh qilish, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari vazifasini muvofiqlashtirish bilan bog‘liq ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Keling, aniqroq tushuntiraylik...
50-modda. “Har kim ta’lim olish huquqiga ega. Davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi. Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir. Maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratidadir. Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi.”
Ushbu modda O‘zbekiston fuqarosi ta’lim olishi, yoshlarga uzluksiz ta’lim berish jarayoni bo‘yicha aniq majburiyatlarni yuklaydi. Insonlarga ta’lim berish har qanday holatda davlat tomonidan kafolatlanadi. Yaxshilab o‘ylang, ilgari davlat majburiy ta’limni yo‘lga qo‘ygandi. “Maktab davlat nazoratida” degan normalar bor edi, ya’ni, o‘n bir yillik majburiy ta’lim. Konstitutsiyamiz qoidalariga ko‘ra, ana endi davlat nodavlat ta’lim tashkilotlariga ham bevosita kafolat beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, farzandlarimizga ta’lim beradigan nodavlat muassasalar ham davlat tomonidan himoya ostiga olinishi belgilab qo‘yildi. Konstitutsiyamizning 50-moddasida qayd etilganidek, har kim ta’lim olish huquqiga ega. Davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi. Davlat maqtabgacha ta’lim tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi qat’iy ko‘rsatilgan.
Davlat ta’limni o‘z kafolatiga olar ekan, inklyuziv o‘qishni ham chetda qoldirmadi. Bilamiz, inklyuziv ta’lim – bu nogironligi bo‘lgan shaxslarga dars berish shakllari. O‘qitishning ushbu turi endi davlat kafolatiga o‘tdi. Bosh qomusimizning 50-moddasida inklyuziv ta’lim bevosita ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, unda nogironligi bo‘lgan yoki biron bir nuqsoni bor insonlar har qanday holatda sog‘lom fuqarolar bilan teng ta’lim olish huquqiga egaligi belgilangan.
51-modda. “Fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli. Oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega.”
Darhaqiqat, yurtimizda oliy ta’lim tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Jumladan, nodavlat oliy ta’lim muassasalari ochilmoqda, xorijiy universitetlar filiallari soni ortmoqda, olis hududlarda ham universitet filiallari tashkil etilyapti. Bugungi kunda 41 ta davlat oliy o‘quv yurtlariga akademik va moliyaviy mustaqillik berilgan.
Yangi qabul qilingan Konstitutsiyada keltirilgan bandning mazmuniga ko‘ra, oliy ta’lim tizimi xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritishi – uni ma’muriy boshqarishdan tortib to o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot jarayonini tashkil etishda akademik erkinlikka ega bo‘lishini taqozo etadi.
Akademik erkinlik o‘quv jarayonini mustaqil shakllantirish, dars o‘tish erkinligi, ilmiy-tadqiqot mavzularini mustaqil tanlash va tadqiq etish, uning natijalarini nashr etish va tarqatish, professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy xodimlar akademik erkinligi cheklanmasligida namoyon bo‘ladi.
Konstitutsiyamizga ushbu normaning kiritilishi oliy o‘quv yurti va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati rivojlanishiga, professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlashga, ushbu sohaga tashqi aralashuvni cheklashga xizmat qiladi.
Moliyaviy hisob, qandaydir xalqaro tadbir yoki professor- o‘qituvchilarning xorijda malaka oshirish kurslari bo‘ladimi, bularning barchasi endi universitetning moliyaviy hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu modda mazkur asosni mustahkamladi.
Bu yerda, albatta, raqobat bo‘ladi, universitet va institutlar o‘rtasida “musobaqa” boshlanadi. Ya’ni, ilmiy faoliyat, o‘qitish tizimi, talabalarga bilim berish jarayoni, talabalarning ishga joylanishi, qaysidir nufuzli kompaniya va tashkilotlarda faoliyat yuritishi nuqtai nazaridan nominatsiyalar qo‘yiladi.
Shuningdek, kelajakda raqobat ortidan qaysidir oliygoh talabalari nufuzli tashkilotlarga ishga qo‘yilishi jihatidan o‘rinlar belgilanadi. Ushbu o‘rinlarga qarab har bir fuqaro, jumladan, talaba bo‘lish ishtiyoqida yurgan abituriyentlar istagan oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilinadi.
52-modda. “O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.”
Eng quvonarlisi – farzandlarimizga tarbiya berayotgan pedagoglar, yoshlarimiz salohiyatini kamol toptirishga katta xizmat qilayotgan ustozlarimiz majburiy mehnatdan yiroqda bo‘ladi.
Qomusimizda jamiyatda o‘qituvchining maqomi, qadr-qimmati va o‘rniga bag‘ishlangan alohida modda kiritildi. Ushbu yangilik mamlakatda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ziyod pedagoglarning ijtimoiy mavqeini mustahkamlash, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish va kasbiy o‘sishini ta’minlash imkoniyatini yaratadi.
Afsuski, ilgari ushbu tamoyil ayrim me’yoriy, normativ-huquqiy hujjatlarda aks ettirilgan, xolos. O‘qituvchi bir qarasangiz u ishni, bir qarasangiz butunlay boshqa ishni bajarishga majbur edi. Yuqori malakali pedagoglarning salohiyati umuman boshqa yo‘nalishga safarbar qilinardi. Ularning kasbiy huquqlari faqat Konstitutsiyadan quyi pog‘onada turadigan me’yoriy-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilardi.
O‘qituvchining himoyasi bilan bog‘liq normativ-huquqiy qonunlar ijrosiga, ayniqsa, ularning faoliyatiga ayrim quyi pog‘onada turuvchi hokimiyat bo‘linmalari, davlat xizmatlari bevosita ta’sir ko‘rsatardi.
Tabiiyki, “qanday ta’sir ko‘rsatardi”, degan savol paydo bo‘ladi?
Xabaringiz bo‘lsa, avval o‘qituvchiga mehnat qilish, ortiqcha ish yuklash nuqtai nazaridan qattiq bosim o‘tkazilardi. Malakali ustozlarimiz kelajagimiz poydevori bo‘lmish yoshlarga ta’lim berish o‘rniga paxta terimiga jalb qilinar, komissiya xodimlari tekshirishga kelar ekan, degan xabarni eshitishi bilanoq daraxt oqlashga, ko‘cha supurishga otlanar edi. Endi Konstitutsiyamizda bevosita o‘qituvchining himoyasi, uning mehnati, yosh avlodni sog‘lom, ma’nan yetuk qilib tarbiyalashi bilan bog‘liq norma kiritildi.
Ushbu normaga muvofiq, O‘zbekistonda o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning madaniy va ma’naviy salohiyatni saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.
Bejizga davlat o‘qituvchilarning sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishiga g‘amxo‘rlik qiladi, deb belgilab qo‘yilmadi. Kim endi o‘qituvchini majburiy mehnatga jalb qilsa, unga o‘qituvchilik faoliyatidan tashqari boshqa topshiriq berilsa, qonuniy javobgarlikka tortiladi.
Boisi o‘qituvchi jamiyatning eng oliy insoni, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ularga kelajak avlodimizni tarbiyalaydigan shaxs sifatida qaralishi adolatli yondashuv demakdir. Pedagoglarning maqomiga oid o‘xshash normalar Germaniya, Portugaliya, Ukraina, Chili, Urugvay, Ekvador, Kolumbiya, Misr va boshqa rivojlangan davlatlar Konstitutsiyalarida ham mavjud.
Masalan, Osiyo davlatlarida, jumladan, Indoneziya, Malayziyada o‘qituvchiga nisbatan eng oliy maqom berilgan. Ularni har qanday holatda moliyaviy, ma’naviy jihatdan himoya qilish asosiy vazifa etib belgilangan. Bugun O‘zbekiston ushbu mamlakatlar tajribasini chuqur o‘rganib, Konstitutsiyamizda o‘qituvchilarning mehnatini qadrlash nuqtai nazaridan aniq moddalar kiritishga qaror qildi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA