O‘qishni ko‘chirishda qaysi milliy va xalqaro sertifikatlar uchun imtiyozli ball beriladi?
Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish istagida bo‘lgan talabalar uchun sertifikatlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayrim milliy va xalqaro sertifikatlarga ega talabgorlarga tegishli fanlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball beriladi. Bu esa o‘qishni ko‘chirish jarayonida qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirishda quyidagi sertifikatlar inobatga olinadi:
Milliy sertifikatlar,
Xalqaro sertifikatlar ( “A Level” – kimyo, matematika, biologiya, fizika fanlari, “B” va undan yuqori darajadagi sertifikatlar),
Chet tili bo‘yicha sertifikatlar (V2 va undan yuqori daraja):
ingliz tili — IELTS (5.5+), TOEFL iBT (72+), Cambridge Exams, Linguaskill, iTEP;
nemis tili — TestDaF,
DSD, Goethe-Zertifikat;
fransuz tili — DELF/DALF, Test de Connaissance du Français (TCF);
ispan tili — DELE, SIELE;
turk tili — TYS;
koreys tili — TOPIK II;
arab tili — AT Tanal Al Arabi;
xitoy tili — HSK
Muhim jihat shundaki, milliy sertifikatlar axborot tizimi orqali avtomatik tarzda aniqlanadi. Xalqaro sertifikatlarga ega talabgorlar esa ariza topshirish jarayonida ushbu hujjatlarni elektron shaklda tizimga yuklashlari talab etiladi.
O‘qishni ko‘chirishni rejalashtirayotgan talabalar sertifikatlarining amal qilish muddati va belgilangan talablarga to‘liq mosligini oldindan tekshirib chiqishlari maqsadga muvofiq.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA