O‘qishdan to‘xtagan odam fikrlashdan ham to‘xtaydi (+video)
“Ibrat” loyihasining bu galgi mehmoni farg‘onalik yosh tadbirkor Islomjon Muhammadjonov. Qahramonimiz 24 yoshda. U Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filialida “Telekommunikatsiya” yo‘nalishida tahsil oladi.
Muhammadjon o‘z hududida yoshlar yetakchisi bo‘lib faoliyat olib boradi. Bundan tashqari qishloqdagi yoshlar zamonaviy kasblarni puxta egallashi uchun Obod nomli mahallada o‘zi bir vaqtlar orzu qilgan “Obod ta’lim” o‘quv markazini tashkil qilgan.
Bugungi kunda Markaz zamonaviy jihozlar, kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlangan. Muhammadjonning tashabbasi bilan Markazda mahallaning kam ta’minlangan oila farzandlari, bilim olishga ishtiyoqi baland, zamonaviy kasblarni o‘rganishga qiziquvchi yoshlar bepul o‘qitila boshlandi.
Markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga bir yil to‘lmasdan, o‘qish istagini bildirgan talabgorlar soni oshib bordi. Shu vaqtga qadar ilm olishni istaganlar kompyuter savodxonligi, grafik dizayner, veb-dizayn, ingliz tili, mobilografiya kabi ko‘plab zamonaviy kasblarni mutlaqo bepul o‘rganmoqda.
2023 yilda “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu markaz o‘tgan vaqt davomida 150 nafar yoshning zamonaviy kasblarni egallashiga sabab bo‘ldi. Kurslarda ta’lim olgan yoshlar orasida allaqachon daromadga chiqqanlari ham bor.
–Hayotimiz bevosita axborot texnologiyalari, kompyuterlar va internet tizimi bilan bog‘liq bo‘lib qoldi, – deydi Islomjon. – Chunki IT yordamida masofadan turib bilim doirasini mustahkamlash, dunyodagi eng nufuzli dasturchilar bilan aloqa o‘rnatish, hattoki bir joyda turib yuqori daromad topish mumkin. Bugun Farg‘onaning o‘zida turib biz Amerika va boshqa chet davlatlarning yirik kompaniya vakillari bilan shartnoma tuzishimiz, hamkorlikni olib borishimiz oson kechadi.
Qishlog‘imizda bu Markazni tashkil etish g‘oyasi aslida muammolar ortidan kelib chiqqan. Bilasiz, olis hududlarda har qanaqa kasb ham yaxshi samara beravermaydi. Mahallamiz yoshlari orasida zamonaviy kasblarni o‘rganishga qiziqish bildirganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ilmni boshqalarga ulashish barakaga sababdir, deya bejizga aytilmagan. Yaqin orada sun’iy intellekt asosida “Ustoz IT” loyihasini taqdim etamiz. Ushbu loyiha ishga tushirilsa, nogironligi sabab harakatlanishida muammo bo‘ladigan yoshlar ham zamonaviy kasblarni mukammal o‘rganib, aqliy salohiyatlarini o‘stirishi, bilim tajribalarini oshirib, ishlashi mumkin bo‘ladi.
Quyidagi lavhada qahramonimiz bilan suhbatning to‘liq shaklini ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oMPsScDsKJw" title="Oʻqishdan toʻxtagan odam fikrlashdan ham toʻxtaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA