“Oqila ayollar” harakati – ayollarga ko‘makchi
Jizzax viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan Jizzax shahar hokimligida shaharning “Oqila ayollar” harakati jamoasi shakllantirilib, ushbu harakatga rahbar saylandi.
Ushbu harakat – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 8 avgustdagi “Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Tadbirda ayollarga bo‘lgan e’tibor haqida so‘z borib, viloyat va shaharda bu harakat a’zolari oilalar va xotin-qizlar bilan ishlashda eng katta kuch ekanligi ta’kidlandi.
Mazkur tadbir doirasida musiqiy dastur va milliy hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Jizzax viloyat “Oqila ayollar” harakati a’zolariga maxsus ko‘krak nishonlari topshirildi.
Jizzax shahar “Oqila ayollar” harakatiga rahbar etib “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli, xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati O.Nishonova ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylandi.
– Mazkur harakatning rahbari harakat a’zolarini bir maqsad ostida birlashtirib, o‘z hududidagi oilalar va xotin-qizlar bilan ishlaydi, – deydi viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari G.Normurodova. – Bunda aniq rejalar ishlab chiqiladi. Shunga qarab ayollarga ko‘maklashiladi.
A.Qayumov, O‘zA