Oqgul obod bo‘lmoqda
Yurtimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz hayotini yaxshilash, hududlarni barqaror rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ayniqsa, Prezidentimizning “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tumanlarda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu qarorga muvofiq, mamlakatimizda 16 ta shahar va tumanni kompleks rivojlantirish belgilangan bo‘lib, ular qatorida Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani ham munosib o‘rin egallagan.

Darhaqiqat, Buxoro vohasida keyingi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli yangilanishlar haqida so‘z ketganda G‘ijduvon tumanining alohida o‘rni bor. Ushbu tuman nafaqat o‘zining hunarmandchilik an’analari, balki bugungi kundagi jadal taraqqiyoti bilan ham e’tiborni tortmoqda. Umumiy maydoni qariyb 39,95 ming kvadrat kilometrni tashkil etuvchi, 315 ming nafardan ortiq aholi yashaydigan ushbu hududda qisqa vaqt ichida katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, tuman markazi bilan bir qatorda olis mahalla va qishloqlar ham yangilanib, ularning me’moriy qiyofasi zamonaviy tus olmoqda.
Ana shunday mahallalardan biri — Oqgul. Bugun bu hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari nafaqat tashqi ko‘rinishni, balki aholi turmush tarzini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Xalqaro moliyaviy institutlar, jumladan, Islom taraqqiyot banki mablag‘lari asosida amalga oshirilayotgan loyihalar mahallaning har bir xonadoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, farovon hayot uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Jumladan, mahallada 8 kilometr ichki yo‘llar asfalt qilinishi rejalashtirilib, bu ishlar uchun 4,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Natijada aholining kundalik harakati yanada qulay va xavfsiz bo‘ladi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida esa yangi transformator o‘rnatilib, 4 ta mavjud transformator yangilandi, 8,1 kilometr elektr tarmoqlari qayta ta’mirlanmoqda. Bu ishlarga 250 million so‘m mablag‘ ajratilgani aholiga uzluksiz va sifatli elektr ta’minotini kafolatlaydi.
Suv ta’minoti va irrigatsiya tizimi ham e’tibor markazida. Mahallada 2 ta tik quduq qurilib, bu orqali aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji qondirilishi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi unumdorligining oshishiga erishilmoqda. Shu bilan birga, “Oqgul” suv inshooti to‘liq rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha 500 kub metr sig‘imga ega yangi rezervuar barpo etilmoqda. Ushbu loyiha uchun 3 milliard 675 million so‘m mablag‘ ajratilgani uning naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Yosh avlod kamolotiga xizmat qiluvchi ijtimoiy ob’ektlar ham e’tibordan chetda qolmayapti. Mahalladagi 18-son maktabgacha ta’lim tashkiloti qayta qurilib, 120 o‘rinli zamonaviy bino barpo etilmoqda. Bu maqsad uchun 4,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, kelajak egalari uchun munosib ta’lim va tarbiya muhiti yaratilmoqda.

Shuningdek, mahallada 2 kilometr masofada tungi ko‘cha yoritish tizimi o‘rnatilmoqda. Bu nafaqat mahallaning ko‘rkini oshiradi, balki aholi xavfsizligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Qisqacha aytganda, Oqgul mahallasida amalga oshirilayotgan bu kabi keng ko‘lamli ishlar hududni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Infratuzilmaning yaxshilanishi, zamonaviy shart-sharoitlarning yaratilishi va aholi turmush darajasining oshishi — barchasi bir maqsadga, ya’ni inson qadrini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, bugun G‘ijduvonda amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat hudud qiyofasini o‘zgartirmoqda, balki insonlar ongida ham yangi qarashlarni shakllantirmoqda. Oqgul esa ana shu o‘zgarishlarning yorqin namunasi sifatida ertaga yanada obod, fayzli va farovon maskanga aylanishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA