Oq uy Baydenning yoshi haqida izoh berdi
AQSH Prezidenti Jo Baydenning yoshi haqida qarama-qarshi fikrlar 2020 yilda bo‘lib o‘tgan saylovoldi kampaniyasida ham aytilgandi, biroq u o‘z vazifasini bajarib kelmoqda, dedi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per.
Bayden avvalroq videomurojaatida AQSH prezidentligiga ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yishini ma’lum qilgandi. AQSH tarixidagi eng keksa Prezident kelgusi saylov vaqtida 82 yoshda bo‘ladi. Agar saylovda g‘olib bo‘lsayu, ikkinchi muddatda ham oxirigacha ishlasa, o‘shanda uning yoshi 86 ga chiqqan bo‘ladi.
“Prezidentning yoshiga kelsak, 2020 yilda ham bu haqda qayta-qayta eshitgandik. Lekin uning so‘nggi ikki yilda amalga oshirgan ishlariga qaraydigan bo‘lsak, u o‘z vazifasini bajarib kelmoqda”, – dedi Jan-Per.
Amerika tarixida mamlakat prezidentligiga Baydendan ham keksaroq bir nomzod bo‘lgan.
1992 yilda AQSHda bo‘lib o‘tgan prezidentlik kampaniyasida 85 yoshli Garold Stassen ishtirok etgan edi, biroq u nomzodlik maqomini ham qo‘lga kirita olmagandi. Chunki AQSHda yetakchi hisoblangan Respublikachilar va Demokratik partiyalari faqat bittadan nomzod ko‘rsata oladi, qolganlari oldindan bo‘lib o‘tgan ovoz berish (praymeriz) jarayonida kurashdan chiqib ketishga majbur bo‘ladi.
Stassen shaxsining yana bir qiziqarli tomoni shundaki, u prezidentlikka to‘qqiz marotaba nomzod ko‘rsatgan. U 1944, 1948, 1952, 1964, 1968, 1980, 1984, 1988 va 1992 yillarda bo‘lib o‘tgan saylovlarda ham Prezident bo‘lishga urinib ko‘rgan.
1932 yilda AQSH prezidentligiga Uilyam Xoup Xarvi ham nomzodini ilgari surgan edi. O‘shanda u 81 yoshda bo‘lgan.