Opa-singillarimiz har jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda
Ayollarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish ayniqsa, qishloq joylarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova bu haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Oxirgi 7 yil davomida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalashga oid 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash Milliy Dasturi amaliyotga joriy etildi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida ishlab chiqilgan davlat dasturida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash belgilab berilganligi muhim ahamiyatga ega.
Jahon Banki tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston oxirgi yillarda gender tengligiga erishish islohotlari bilan katta muvaffaqiyat qozongan dunyoning besh mamlakati qatoridan o‘rin oldi.
Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni ortib bormoqda. Qonunchilikda deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi ayollar bo‘lishi to‘g‘risidagi normaning kiritilishi natijasida Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining qariyb 27 foizi, mahalliy kengashlar deputatlarining 32,6 foizi xotin-qizlarni tashkil etmoqda. Rahbar ayollarning ulushi tobora ortib, boshqaruv sohasida xotin-qizlarning ulushi 35 foizga yetdi.
Yurtimizdagi OTM talabalarining 52 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etayotgani ularning ta’lim olish imkoniyatlarini oshirish yo‘lidagi harakatlarining amaliy natijasidir.
Qo‘mita tomonidan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalarida grant asosida tahsil olishlariga, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 5 yillik mehnat stajiga ega xotin-qizlarga davlat OTMlariga kirishlariga hamda 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlarini ajratishga tavsiyalar berilmoqda. Magistratura va doktoranturaga har yili maqsadli kvotalar ajratish amaliyoti joriy qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan fan, ta’lim, madaniyat, san’at, adabiyot, sport, zamonaviy axborot texnologiyalari sohalari bo‘yicha bilimli va faol qizlar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlanib kelinmoqda.
“Bir million dasturchi” loyihasi amaliyotga joriy etilib, axborot texnologiyalari sohasida xotin-qizlarning ishtiroki yildan-yilga ortib bormoqda .
Bugun yurtimizda xotin-qizlarning iqtisodiy sektordagi ulushini oshirish bo‘yicha yirik, strategik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarni daromad topishga o‘rgatish, tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, biznesini rivojlantirishga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Hukumat qarorlari qabul qilindi.
Soliq, bojxona sohasida imtiyozlar yirik korxonalar egalari bo‘lgan tadbirkor xotin-qizlarimiz bizneslarini kengaytirish uchun imkoniyatlar yaratdi. Bu borada biznesni rivojlantirish banki tashkil etilishi, tadbirkor ayollarning biznesini qo‘llab-quvvatlashda ilmiy asos va imtiyozli moliyalashtirish imkoniyatlarini berdi.
Tadbirkorlik, daromad topishga oid muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash dasturi tasdiqlanib, amalga oshirilmoqda. Tijorat banklari tomonidan ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 250 dan ortiq loyihalar joriy etildi va oilalar iqtisodiyotini barqarorlashtirish va biznesini rivojlantirishga ko‘maklashilmoqda.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyalari asosida xotin-qizlarga imtiyozli kredit va subsidiyalarning ajratilishi natijasida tadbirkorlarning 40 foizidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish davlat tomonidan moliyalashtirilmoqda. Har yili 300 mingga yaqin xotin-qizlar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitilmoqda. «HAMROH» tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi joriy etildi. Unga ko‘ra, xotin-qizlarga «yashil loyihalar» va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi hamda ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln. so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Loyihaning maqsadi – ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni tadbirkorlikka o‘rgatish orqali turmush tarzini yaxshilashdan iborat bo‘lib, hozirda Jizzax viloyatining Zomin, Yangiobod, Baxmal, Forish tumanlarining 7 tadan mahallasida Farg‘ona viloyatining So‘x, Furqat, Yozyovon va Qo‘shtepa tumanlarida tanlab olingan 28 ta mahallada istiqomat qilayotgan “Ayollar daftari”ga 3, 4, 6 va 1-toifalarga kiritilgan, og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi xotin-qizlarnning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Loyiha talablariga muvofiq, unda ishtirok etish uchun “Ayollar daftari”ning 3-toifasida turuvchi 414 nafar boquvchisi bo‘lmagan, ehtiyojmand; 4-toifadagi 284 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan tibbiy muolajaga muhtoj; 6-toifadagi 234 nafar qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan ehtiyojmand; hamda 1-toifadagi 49 nafar ish qidirayotgan, lekin topa olmagan 30 yoshdan oshgan ishsiz ayollar, xotin-qizlardan iborat bo‘lgan jami 180 ta guruh tashkil etilib, 981 nafar xotin-qiz qamrab olindi.
Shuningdek, Zomin, Yangiobod, Baxmal hamda Forish tumanlaridan 7 nafardan jami 28 nafar ijtimoiy mobilizatorlar tanlab olindi.
Ijtimoiy mobilizatorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida “Genderga sezgirlik muloqoti, ijtimoiy mobilizatsiya, gender tengligi va nizolarni bartaraf etish” kabi mavzularda 10 dan ortiq malaka oshirish treninglari tashkil etildi. “Hisobotlar va hisob raqamlarni boshqarish”, “Guruh yig‘ilishlarini samarali o‘tkazish: kun tartibi, ishtirok etish va ishtirokchilarning o‘rni”, “Gender tengligi muammolarini hal etish”, “Shaffoflik mexanizmlari”, “Guruhlar shakllanishini yakunlash me’yorlari” mavzularida 15 dan ortiq trening mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, So‘x, Furqat, Yozyovon va Qo‘shtepa tumanlaridan 7 nafardan jami 28 nafar ijtimoiy mobilizatorlar tanlab olindi. Ushbu 4 ta tumanda aholi vakillari bilan 185 dan ortiq uchrashuvlar tashkil qilindi.
Ushbu 4 ta tumanda jami 90 ta ayollar farovonligini oshirish guruhlari shakllantirildi va 450 nafardan ziyod xotin-qizlarning ishtiroki ta’minlandi. Loyiha doirasida “Ayollar farovonligini oshirish guruhlari”ni qo‘llab-quvvatlash, grant oluvchilarga ularning biznes-rejalari va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda maxsus texnik yordam ko‘rsatish maqsadida har bir tuman uchun 8 nafar biznes-maslahatchi ishga qabul qilindi.
“Ayollar farovonligini oshirish guruhlari” doirasida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarga jami 1,5 million AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘larini taqdim qilish 2024 yilning iyul oyidan boshlangan. 2025 yilning 1 aprel kunga qadar 138 ta korxona 1 million 232 ming dollar miqdorida moliyalashtirildi. Ushbu mablag‘lar doirasida chorvachilik, bog‘dorchilik, kichik zamonaviy issiqxonalar, kasanachilik, kichik ishlab chiqarish va boshqa zamonaviy tadbirkorlik yo‘nalishlaridagi biznes g‘oyalar amalga oshirilmoqda.
2024 yilning aprel oyida Qo‘mita rahbariyatining buyrug‘i asosida Loyiha doirasidagi har bir tumanda mahalliy hokimiyat vakili, Mahallalar uyushmasi va Savdo-sanoat palatasi vakillaridan iborat bo‘lgan “Baholash komissiyalari” tashkil qilindi. Baholash komissiyasi tomonidan hozirgi vaqtda Ayollar farovonligini oshirish guruhlari tomondan taqdim etilgan 50 ta biznes-rejalar baholanmoqda. “Qishloq ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” xalqaro loyihasi doirasida rejalashtirilgan ishlar “Istiqlol avlodi” ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi hamda Farg‘ona “Mehrjon” ayollar va bolalar markazi tomonidan 2025 yilda ham davom ettiriladi.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.