ONLAYN: Statistika raqamlari ishonchli bo‘lsin
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida navbatdagi parlament eshituvi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida navbatdagi parlament eshituvi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi B.Begalovning O‘zbekiston Respublikasida statistik ma’lumotlarning haqqoniyligi, ishonchliligi va ochiqligini ta’minlash masalalari yuzasidan axboroti eshitildi.
Mamlakatimizda keyingi uch yilda sohaga oid qabul qilingan hujjatlar doirasida statistika tizimida 6 ta asosiy yo‘nalishda 17 ta kompleks chora-tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan, sohaga Jahon milliy hisoblar tizimi metodologiyasini joriy etish va Statistikani rivojlantirish milliy strategiyasini qabul qilish, shuningdek, ochiq ma’lumotlar portalini takomillashtirish shular jumlasidandir.
Qo‘mita raisining qayd etishicha, 2018 yilning may oyidan boshlab, O‘zbekiston Xalqaro valyuta jamg‘armasining kengaytirilgan ma’lumotlarni tarqatish umumiy tizimiga ulanib, unga ko‘ra, 24 ta kategoriya bo‘yicha 422 ta indikator e’lon qilinib kelinmoqda. Shu bilan birga, 2020 yilda ma’lumotlarni tarqatish maxsus standartiga o‘tish borasida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, uning ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. 2021 yil 1 yanvardan Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ma’lumotlarini tarqatish maxsus standartiga o‘tilishi munosabati bilan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro tashkilotlarning ma’lumotlar bazalari o‘rganilib, davriy ravishda e’lon qilinadigan ma’lumotlar ko‘lami kengaytirib borilmoqda. Masalan, joriy yil boshida Ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilingan ma’lumotlar to‘plamlari soni 4 mingtaga yetgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ularning soni 6,5 mingdan oshdi. Portalda 137 ta vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar o‘z ma’lumotlarini joylashtirib bormoqda.
Shu bilan bir qatorda, mazkur yo‘nalishlar mamlakat miqyosida amalga oshiriladigan yirik tadbirlarni yuqori darajada tashkil etish va o‘tkazishni ham o‘z ichiga oladi. Bulardan eng asosiysi 2022 yilda aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasidir.
Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan aholini ro‘yxatga olish borasida to‘plangan xalqaro tajriba, boshqa mamlakatlarning qonunchilik hujjatlari o‘rganib chiqilib, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Parlament eshituvida deputatlar statistik ma’lumotlarning haqqoniyligi va ochiqligini ta’minlash, ularni jahon standartlariga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Ma’lumotlar ochiq va haqqoniy bo‘lmasa, dunyo ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinmasa, mamlakatda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, chet el sarmoyadorlarini jalb etish qiyin kechishini ta’kidladilar.
Qizg‘in savol-javob va muhokamalar chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro valyuta jamg‘armasining Ma’lumotlarni tarqatish maxsus standartiga o‘tishi yuzasidan 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ning to‘liq ijrosini ta’minlash, davlat statistika hisoboti shakllari bo‘yicha hisobotlarni on-layn rejimda topshirish imkoniyatini beruvchi maxsus dasturiy ta’minotni bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish lozimligi qayd etildi.
2020 yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasining “Ochiq ma’lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma’lumotlar barometri” xalqaro reytinglarida ishtirokini ta’minlash choralari ko‘riladi.
Parlament eshituvi yakunida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining mamlakatimizda statistik ma’lumotlarning haqqoniyligi, ishonchliligi va ochiqligini ta’minlash yo‘nalishidagi faoliyatini jonlantirish, sohaga doir qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar berildi.