Onlayn anjuman tashkil etildi
Shu jumladan, mamlakatimizda ham taʼlim tizimi onlayn tarzda olib borilyapti.
Koronavirus pandemiyasi boshlangandan keyin dunyoning barcha mamlakatlarida oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari yopildi, taʼlim esa masofaviy tizimga oʻtkazildi. Shu jumladan, mamlakatimizda ham taʼlim tizimi onlayn tarzda olib borilyapti.
Mana shunday sinovli kunlarda hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi va doimiy eʼtiborlari natijasida Respublika oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida oʻquv jarayoni va ilmiy-tadqiqot ishlari uzluksizligini taʼminlash uchun yagona masofaviy taʼlim platformasi hamda talabalarning bilim olish darajasini masofadan turib qoʻllab-quvvatlash boʻyicha TAS-IX tarmogʻiga kiruvchi videoportal uzluksiz ishlab turibdi.
Bugun Oʻzbekiston Milliy Axborot agentligi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida onlayn tarzda “Globallashuv sharoitida Oʻzbekistonda innovatsion gʻoyalarning huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy-falsafiy, pedagogik yoʻnalishlarining rivojlanish istiqbollari” mavzuidagi respublika anjumani ZOOM kanali orqali yuqori saviyada oʻtkazildi.
Anjumanda T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor N.I.Taylakov moderatorlik qildi.
Anjumanni Toshkent davlat pedagogika universiteti ilmiy va innovatsiya ishlari boʻyicha prorektori, pedagogika fanlari doktori, professor B.S.Abdullayeva ochib berdi. Shundan soʻng Oʻzbekiston ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlash kafedrasi boshligʻi, yuridik fanlar doktori, professor I.Ismolilov “Ichki ishlar organlari tizimida innovatsion gʻoyalarni huquqiy taʼminlash” mavzusida, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori, professor N.Toʻxliyev “Innovatsiya” tushunchasi va unga nazariy-uslubiy yondashuvlar transformatsiyasi”, Toshkent davlat agrar universiteti “Agrologistika” kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor M.X.Saidov “Klasterlarni shakllantirish asosida milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish”,Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor B.O.Toʻrayev “Taʼlim jarayonini kuchaytirishda falsafiy tafakkurning oʻrni”, Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, pedagogika fanlari doktori, professor R.G.Safarova “Oʻquvchilarda madaniy dunyoqarashni shakllantirishga xizmat qiladigan pedagogik tadbirlarning mazmuni”, T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor N.I.Taylakov “Globallashuv sharoitida voyaga yetmaganlar huquqbuzarligi va jinoyatchiligi profilaktikasini takomillashtirish yoʻnalishlari” mavzularida maʼruza qilishdi.
Koronavirus pandemiyasi davom etayotgan davr boʻlishiga qaramasdan onlayn tarzdagi ushbu anjuman maʼruzachilar tomonidan yuqori saviyada oʻtkazilishi bilan birga, auditoriyasining kengligi hamda masofaviy savol-javoblarning oʻta dolzarbligi bilan ahamiyatli boʻldi.
Anjuman yakuni boʻyicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Xususan, bugungi kunda agrar tarmoqni innovatsion rivojlantirish va klasterlash tizimini jadallashtirish boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi, jumladan, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida klasterlarni tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish;sohaga davlat hususiy-sheriklik mexanizmlarini joriy etish va bu orqali klasterlarning moliyaviy mustaqilligini taʼminlash; klasterlash tarmogʻini innovatsion rivojlantirish; qishloq xoʻjaligi ekin yerlari va suvdan samarali foydalanishda raqamli texnologiyalarni joriy etish; qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash jarayonlariga, logistika va sotish markazlarida raqamli texnologiyalarni joriy etish;“Aqlli qishloq xoʻjaligi”ni joriy etish boʻyicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish; yaratilayotgan ishlab chiqarish-sotish zanjirlarining barqaror va uygʻun ishlashini oshirish uchun saqlash va qayta ishlash quvvatlarini yangilash va modernizatsiya qilish; narx shakllanishining bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish orqali qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini tartibga solish amaliyotidan voz kechish.
Muhammad Ali Saidov,
Toshkent davlat agrar universiteti
“Agrologistika” kafedrasi mudiri, i.f.d., professor