Onasining janozasiga bora olmagan o‘g‘il duosi
Aslida O‘zbekistonda tug‘ilganman. Taqdir taqozosi bilan bolaligimda Turkistonga ketganmiz. Ammo men voyaga yetgach ota yurtimda yashashni ixtiyor etdim.
Biroq, 28 yil davomida fuqarolik ololmadim va bu yerda begonadek yashadim. Qo‘limda pasportim bo‘lmagach, xorijga chiqishimda ham ko‘plab to‘siqlar bor edi. Shu tariqa o‘z onamning janozasiga borish ham nasib qilmadi…
Bu Toshkent shahri Mirobod tumani Furqat mahallasida istiqomat qiluvchi Mahmud Burxonovning so‘zlari. Bu inson 2021 yilda fuqarolik pasporti oldi.
– Prezidentimizning fuqarolik berish bo‘yicha siyosati men kabi odamlarga katta quvonch, umid va ishonch berdi, – deydi u. – Hozir buning uchun Shavkat Mirziyoyevni ko‘p duo qilaman. Chunki ular tufayli bizga yo‘llar ochildi. Hozir istagan vaqtimiz chegaradan bemalol o‘tib, onam qabrini ziyorat qilishim, yaqinlarimiz diydorini ko‘rishim mumkin.
Haqiqatan, bundan bir necha yil ilgari fuqarolik eng og‘ir, ya’ni yechimi deyarli yo‘q bo‘lgan muammolardan edi. Shuning uchun shu zaminda yashab, mehnat qilsa ham minglab fuqaroligi yo‘q shaxslar bor edi.
Vaholanki, bunday shaxslar osmondan tushmagan, balki qo‘shni davlatlarda tug‘ilganlar edi, xolos. Ajablanarlisi, fuqaroliksiz yashab kelgan shaxslarning juda ko‘pchiligi o‘zbek millatiga mansub edi. Demak, ular O‘zbekistonga “o‘zimnikilar” deb kelgan-u, ammo...
Fuqarolik pasporti olayotgan kishilar bilan suhbatlashsangiz, beixtiyor ko‘zlariga yosh oladi. Bu – yillar davomida chekilgan iztirob ifodasi. Axir aynan shunday odamlar pasporti yo‘qligi uchun qo‘shni davlatlarga chiqa olmagan, yaqinlarining diydoridan o‘n, yigirma yillab mahrum yashagan.
Qolaversa, el qatori yashab, ishlay turib, hamma foydalangan huquqlardan foydalana olmaslik insonni tahqirlashday gap.
Keyingi yillarda ushbu sohada ro‘y bergan o‘zgarishlar minglab kishilar hayotida tub burilish yasadi. Uzoq yillar shu yurtda yashab, uning rivojiga hissa qo‘shayotgan shaxslarga fuqarolik berila boshlagani nafaqat o‘sha shaxslar qalbida, balki xalqaro miqyosda ham ijobiy aks sado berdi.
2016 yil dekabr oyidan beri yetmish mingdan ziyod shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi. (Mustaqillikning boshidan 2016 yilga qadar esa bor-yo‘g‘i 482 nafar shaxsga fuqarolik berilgan).
Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bu boradagi 20 ta farmoni qabul qilindi va shu asosda 4 ming 567 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
2016 yilning dekabr oyidan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolikka qabul qilish bo‘yicha 93 farmoni imzolandi. Shunga asosan 23 ming 15 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
2020-2021 yillar davomida, respublikamizda 15 yil va undan ortiq muddatdan buyon doimiy ro‘yxatdan o‘tib, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun yashash guvohnomasi asosida yashab kelayotgan jami 44 ming 539 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olinib, ularga o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti (2021 yildan boshlab esa - identifikatsiya ID-karta) berildi.
2021 yil 13 martdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun bilan fuqarolikka oid munosabatlar huquqiy tartibga solindi. Endilikda 15 yil davomida shu yerda muqim yashagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligi beriladi.
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston fuqarosi, deb tan olish borasidagi siyosat jamiyatda fuqarosizlikni qisqartirib, inson huquqlarini himoya qilish darajasini yanada oshirdi.
Norgul Abduraimova, O‘zA