Onam allasiday suyuksan, ona tilim
Vatan ostonadan boshlanadi, deydilar. Darhaqiqat, Vatan ostonadan boshlanadi. Ammo mening nazdimda Vatan ona allasidan boshlanadi. Murg‘ak go‘dak ko‘zchalari bilan bu dunyo sehriga hayron boqar ekan, ilk bora alla, deb atalmish sehrli qo‘shiqni ona tili orqali o‘z vujudiga singdiradi. Tiriklik dunyosida yashayotgan har bir inson borki, ilk bora inga-ingalab yig‘lagan chog‘ida, aytadigan birinchi so‘zi ona bo‘ladi. O‘sha so‘z mening jonim ozig‘i bo‘lgan tilimda jarang sochadi. Bejizga Vatan va tilni onaga qiyos qilishmagan. Ona Vatan va ona tilim. Bular men uchun hayotimdagi eng muqaddas ne’matlardir. Ular mening borlig‘im, ruhim ozuqa oladi, vujudimning jon tomirlaridir, aziz zamondosh!
Qadrli zamondoshim. Bugun Siz-la dunyo xaritasida o‘zbekning borligini bildiradigan Yaratganning ne’mati, ona tilim haqida dillashmoq istadim. Bugun Alisher Navoiyning navobaxsh bitiklari, Abdulla Qodiriyning hayotiy haqiqatlari, Muhammad Yusufning Vatan haqidagi go‘zal ash’orlari, Usmon Nosirning nidolari, Erkin Vohidovning “O‘zbegim” degan hayqiriqlari, “Men nechun sevaman, O‘zbekitsonni” deya yurtga farzandlik mehrini izhor qilgan va buni oliy baxt deb bilgan Abdulla Oripovning dur misralari, Oybekning viqorla qoya labida nafis chayqalgan namatakning tebranishlari, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning sadoqat dostonlari, Said Ahmad va Saidaxonimning vafodan so‘zlagan bitiklari shu tilda kuylangani, minglab insonlarga tilimizning jozibadorligini ko‘rsatib turganligining o‘zi baxt. Shu o‘rinda Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlarini keltirishni joiz deb bilaman: “…1989 yil 21 oktabr. Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan qonun – “O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu muhim hujjatning qabul qilinishida fidoiy va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qat’iy shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning siyosiy irodasi katta o‘rin tutdi”.
Ha, bu qonunning qabul qilinishi millatning mustaqillik sari qo‘ygan zalvorli qadami edi. Bugun bu so‘zlar qanchalik haqiqat ekanligini hayotning o‘zi isbotlab turibdi. Yurtboshimiz tomonidan har yili 21 oktabrni O‘zbek tili bayrami kuni, deb e’lon qilinishi ham ko‘ngillarga umid chirog‘ini yoqdi. Albatta, bu kunning bayram qilinishi, o‘zbek tiliga e’tibor va uning rivoji uchun qilinishi zarur bo‘lgan xayrli ishlarning boshlanganiga sabab bo‘lsa ajab emas. Dunyoda jami 6 ming 909 ta til va lahja bo‘lib, shulardan 178 tasigina davlat tili maqomiga ega. Ular orasida o‘zbek tilining ham borligi qalbimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Shu ma’noda Andijon davlat tibbiyot institutida davlat tilini o‘qitish samaradorligini oshirishga qaratilgan e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligini alohida ta’kidlashni istar edim.
Andijon davlat tibbiyot institutida Prezidentimizning 2020 yil 20 oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2020 yil 23 oktabrdagi 552-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash to‘g‘risidagi buyruq ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan reja asosida O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi tashkil etildi. Shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha 2020 yilga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, institutda "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonun hujjatlariga rioya qilish hamda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etildi. Asosiy bino, 2-o‘quv binosi, klinik bazalari va talabalar turar joyida joylashgan barcha peshlavhalar, tashqi yozuvlar, shu jumladan, e’lonlar, reklama va ko‘rgazmali boshqa axborot matnlari davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq lotin alifbosida qayta yozilib, o‘rnatildi. Institutning barcha rasmiy hujjatlari, veb–sayti to‘liq lotin yozuviga asoslangan alifboda yuritilmoqda.
Institutda davlat tilini o‘qitish samaradorligini oshirish yuzasidan komissiya tashkil etilgan. Belgilangan kurslar hamda xorijiy guruhlarda ham o‘zbek tili fan sifatida 36 soat o‘qitilib, ularning o‘zbek tili borasidagi bilimlari boytib borilmoqda. Buning uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Andijon davlat tibbiyot institutida talaba yoshlarning o‘zbek tilini chuqur o‘rganishlari va mehr-muhabbatini yanada oshirish uchun darsdan bo‘sh vaqtlarda o‘zbek tili bo‘yicha maxsus to‘garaklar, "Notiqlik klubi" faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Notiqlik klubi”da shoirlar, jurnalistlar, o‘zbek tili bo‘yicha mutaxassislar talaba yoshlarga mahorat darslarini o‘tib kelmoqda.
Institutda har yili an’anaviy tarzda 21 oktyabr arafasida "Nutq madaniyati oyligi" tkaziladi. Oylik doirasida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, turli tanlovlar o‘tkaziladi. Shu bilan birga, institutning 25 nafar professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari 1 iyuldan 31 avgustga qadar lotin alifbosi, imlo qoidalari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv kurslariga jalb qilingan, ular belgilangan dastur asosida dars mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.
Kezi kelganda, ma’rifatparvar bobomiz Alixonto‘ra Sog‘uniyning quyidagi fikrini keltirishni joiz deb bildim: “Arabcha, forsiychalarni yozish-so‘zlashishgina emas, balki, bu ikki tilda kitob yozish, she’r aytish qobiliyati menda bo‘lsa ham, so‘z turkiy ona tilimni boshqa tillardan ortiqroq ko‘rdim. Chunki, qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamay, insoniy tuyg‘ularidan ajragan holda hayot daftari o‘qiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladi”. Shu bois, bugungi kunda onamiz allasiday suyuk bo‘lgan tilimizning kelajagi va uning kelgusidagi taraqqiyoti uchun fidoiylik bilan xizmat qilishimiz kerak. Ona tilimizni har xil balolardan asrash, avaylash, uni e’zozlash fazilatimizning eng oliysi bo‘lishi kerak.
bugungi kunda o‘zga tillarni o‘rganish uchun turli maqsadlardagi “loyihabozliklar” davom etayotgan pallada dunyo xaritasida o‘zbek, degan millatning borligini bildiradigan tilimizning sofligi va uning go‘zalligi uchun barchamiz kurashishimiz lozim. Kerak bo‘lsa, bu borada olib borayotgan xayrli ishlarimizning ko‘lamini yanada kengaytirishimiz lozim. To‘g‘ri, o‘zga tillarni ham o‘rganishimiz kerak. Tilimiz rivojiga qarshilik qiladigan turli xatti-harakatlarga qat’iy qarshilik qilishimiz kerak.
Muhtaram Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyevning quyidagi purhikmat so‘zlari ham fikrimiz qanchalik to‘g‘ri ekanligini tasdiqlab turibdi: “Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar”.
Ha, ana shunday buyuk namunalarni yaratgan buyuk ajdodlariga munosib izdoshlar bor ekan, ona tilimizning qadri yanada yuksalaveradi. Biz qadri baland, ildizi baquvvat elning farzandlari ekanligimizni ham unutmasligimiz kerak. Shunday ekan, kelinglar, ona tilimizni qadrini yanada baland bo‘lishi uchun barchamiz mas’ulligimizni bir daqiqa bo‘lsa-da unutmaylik. Tilimizning sofligi va uni rivoji uchun birgalikda kurashaylik.
Ezgulik uchun dillarga nur ulashishga tayyormisiz?! Ayni lahzalarda yurak hayajonimni bir og‘iz so‘zda ifoda etmoq istayapman. “Qadring baland bo‘lsin, ey ona tilim” degim kelayapti. Jannatmonand o‘lkaning har burchida o‘zining baxtiyorligidan shodlanib yashayotgan yuraklarga ilingan va sog‘ingan go‘zal izhorlarimni she’rim bilan yo‘llagim keldi:
Tug‘ildim,
Qulog‘imga aytildi azon,
Jonimga kirdi U,
Iymon misoli.
Hali,
Dunyo neligini anglamasimdan,
Cyezdim…
Ona tilim,
Millat timsoli!
Beshigimda,
Orzuga to‘la,
Onam aytgan shirin ashula,
Sen tojimsan, boshimda shu’la,
Ona tilim,
Millat timsoli!
Bebahosan,
Qiymating ulkan,
Millat kema,
Sen esa yelkan,
Ne’matimsan,
Sen Xudo bergan,
Ona tilim,
Millat timsoli!
Sen o‘zligim o‘zagi, dursan,
Yetti olam toji, huzursan,
Millatimning shani, g‘urursan,
Ona tilim,
Millat timsoli!
Sen, o‘zbekning ko‘hna kechmishi,
Sohibqiron Temur o‘tmishi,
Millatning, itllatdek o‘sishi,
Ona tilim,
Millat timsoli!
Sen bor-ki, Navoiy sultondir,
Fitrat – Fitrat, , Cho‘lpon-Cho‘liopdir,
Sen bor, bugun boshim osmondir,
Ona tilim,
Millat timsoli!
Joynamozda yog‘ilgan, Nursan,
Muhammadlar tug‘ilgan, hursan,
Bekligimga bezak, mashxursan,
Ona tilim,
Davlat timsoli!
Bebahosan,
Qiymating ulkan,
Millat kema,
Sen esa yelkan,
Ne’matimsan,
Sen Xudo bergan,
Ona tilim,
Davlat timsoli!
Mirzohid BOTIROV,
Andijon davlat tibbiyot instituti prorektori.
O‘zA