Ona tilimizga oid yangi lug‘atlar taqdimoti
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan mazkur ijodiy tashkilot hamda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyi tomonidan chop etilgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tayyorlangan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” 6 jildlik kitobi va “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati” 2 jildlik kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat tilini rivojlantirish sohasidagi sa’y-harakatlar bilan birga, yangi nashr etilgan ko‘p jildliklar ustida olib borilgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Har bir millatning o‘z ona Vatani, o‘z ona tiliga ega bo‘lishi davlatchilik va davlat mustaqilligining muhim belgisidir. Til muayyan xalqning ruhi, uning o‘zligi, tarixiy, milliy qadriyatlari, yuragidir. Bugungi kunda ona tilimizni e’zozlash, rivojlantirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlarda lug‘atlar chop etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” 6 jildlik kitobi hozirgi o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalarini, fan, texnika, san’at va madaniyatga oid terminlarni, shevalardan olingan so‘zlarni, ba’zi tarixiy va eskirgan atamalarni, keng iste’molda mavjud bo‘lsa-da, turli sabablar bilan lug‘atlarga kirmay qolgan so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Lug‘atning yangi nashri 3000 dan ziyod yangi lug‘aviy birliklar bilan to‘ldirilgan. Ular o‘zbek xalq shevalari, xalq so‘zlashuv tilidan hamda o‘zaro iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar natijasida o‘zbek tiliga xorijiy tillardan kirib kelgan so‘zlardan iborat.
Quvonarlisi shundaki, o‘zbek tilining izohli lug‘ati ilk bor lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tayyorlandi. Lug‘atning chop etilishi o‘zbek tili rivojlanishining, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishning muhim bosqichi, deyish mumkin.
[gallery-14127]
Shu bilan birga G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyida chop etilgan “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati” 2 jildligini tayyorlash orqali ilk marta ona tilimizning boyligi hisoblangan leksik sinonimlarning keng qamrovli leksikografik talqini amalga oshirildi.
Lug‘atdan leksik sinonimlarning leksikografik izohlari, sinonimik qatordagi so‘zlarning ma’no va nozikliklari, bu ma’noviy farqlanishlarni dalillovchi, ijobiy-salbiy bahosi hamda uslubiy o‘ziga xosliklarini ko‘rsatuvchi illyustrativ misollar o‘rin olgan. Lug‘atga faqat mustaqil so‘zlardan iborat sinonimik qatorlargina emas, balki yordamchi so‘z turkumlari doirasidagi sinonimik qatorlar ham kiritilgan. Ushbu kitoblarimiz ham tilshunoslarimiz tomonidan yuqori baholandi.
Mutaxassislar O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “O‘zbek xalq so‘zlari”, “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”, “O‘zbek tili frazeologik lug‘ati”, “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati”, “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati”, “O‘zbek xalq paremalarining sinonimik izohli lug‘ati” kabi kitoblar ham chop etilgani bu sohada hali ishlar davom etayotganini ta’kidladilar.
N.Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA