Ona tilimiz madh etildi
Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim xiyobonida “Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas tuganmas bulogʻidir” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim xiyobonida “Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas tuganmas bulogʻidir” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Jizzax shahar hokimligi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi shahar boʻlinmasi va Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda taʼlim muassasalari, ijodiy tashkilotlar vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻz olganlar oʻzbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlarda baralla yangrayotganligi, Prezidentimizning BMT Bosh assambeliyasi sessiyasidagi nutqi nafaqat oʻzbekistonliklarni, balki bugungi kunda dunyoning turli mamlakatlarida yashayotgan 50 milliondan ziyod oʻzbeklarni ham ruhlantirayotganligini taʼkidladi. Bundan 31 yil muqaddam davlat tili maqomi berilgan oʻzbek tilining nufuzi, ahamiyati va qadri nafaqat Vatanimizda, balki xalqaro miqyosda kun sayin oshib borayotganligi qayd etildi.
– Davlatimiz rahbarining tilimiz ravnaqiga berayotgan katta eʼtibori juda koʻp narsani anglatadi, – dedi Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Mehribon Abdurahmonova. – Bu eʼtibor milliy til va uning ravnaqi yoʻlida gʻamxoʻrlik qilish – bu bir guruh mutaxassislarning yoki ilmiy-amaliy muassasalarning ishi emas, mamlakatimizning barcha fuqarolariga daxldor muhim ish ekanligini koʻrsatib turibdi. Avlodlardan avlodlarga oʻtib, boyib va sayqallanib kelayotgan xalq tilining sofligi va istiqboli haqida qaygʻurish oʻsha tilning toʻlaqonli yashashi butun bir millat maʼnaviyati uchun, uning maʼrifati va madaniyati uchun zarurdir.
Tadbir davomida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktab-internati hamda shahardagi 16, 8, 10 va 22-umumtaʼlim maktablarining faol oʻquvchilari ishtirokida badiiy chiqishlar va sheʼrxonlik dasturlari namoyish etildi.
Davlat tili bayrami arafasida bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar viloyatning boshqa joylarida ham boʻlib oʻtayotir.