Ona alla ayting, bolaligimni eslay...
Dunyoda ona allasidek shirin va orombaxsh qo‘shiq bo‘lmasa kerak. Ona allasi murg‘ak go‘dak qalbiga shirin orzularni joylaydi. U qaysi elda, qaysi tilda aytilmasin, yurakda hasrat va hayajon jo‘sh uradi.
Ona alla ayting! Ona alla ayting, bolalik davrim eslayin...
Kuni kecha O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Mirzo Ulug‘bek tumani kengashi tashabbusi bilan poytaxtimizda “Ona allasi” festivalining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yo‘qolib borayotgan milliy an’analarimiz, urf-odatlarimizni tiklash maqsadida tashkil etilgan festivalda mahalla onaxonlari va partiya faollari ishtirok etdi.
[gallery-2646]
Festival yakunida ishtirokchilardan Sevara Jabborova “Eng yaxshi alla matni”, Bashorat Bavmonova “Eng yaxshi alla ijrosi”, Robiya Rahmatullayeva “Eng yaxshi alla haqida hikoya” yo‘nalishlari bo‘yicha g‘olib, deb topildi.
Katta hayajon bilan o‘tgan tadbir barcha ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan maxsus ta’sis etilgan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Muhammad AMIN(surat), O‘zA