O‘n ikki yilda qayta tiklangan “Atirgul”
Milliy matbuot markazida Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan televideniye, radio, bosma va internet nashrlari, axborot xizmatlari, shuningdek, jurnalistika sohasida ilmiy faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Atirgul” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tanlov hay’ati a’zolari, tanlov ishtirokchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar qatnashdi.
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov va boshqalar yurtimizda jurnalistika sohasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor ayol ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashda ham yaqqol namoyon bo‘layotganini ta’kidladilar.
Uyushma “Atirgul” tanlovini qayta tiklagani ijodkor xotin-qizlarga bo‘lgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir. Ahamiyatga molik jihati, mazkur tanlov o‘n ikki yilda qayta tiklandi.
So‘nggi yillarda moliyaviy sabablarga ko‘ra o‘tkazilishi to‘xtab qolgan ushbu tanlovni qayta tiklashdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda jurnalist ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ijodiy salohiyatini namoyon etishga ko‘maklashish, erishgan yutuqlarni e’tirof etish va ularni rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
bugungi kunda ayollarning barcha soha va tarmoqlardagi o‘rni va ta’siri ortib borayotganini mamlakatimizda mehnat bilan band aholining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etayotganida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Mamlakatimiz boshqaruv tizimida ayollarning ulushi 33 foizga yetgani, yurtimiz bo‘yicha bir yarim mingga yaqin xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida ishlayotgani, davlat va jamiyat boshqaruvida ularning ishtirokini kuchaytirish maqsadida olti ming nafardan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilgani e’tirofga molikdir.
Yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, yangilanayotgan O‘zbekiston ruhiga mos yangicha tafakkur tarzini shakllantirish, umuminsoniy qadriyatdarni targ‘ib etish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishda jurnalist opa-singillarimizning ham munosib hissasi bor, albatta.
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi milliy ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirish, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, jahon andozalari talablari darajasida faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, jurnalist ayollarning kasbiy mahorati, intellektual saviyasini oshirish, ularning ijtimoiy hayotdagi faolligini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
bugungi kunda oliy o‘quv yurtlarini tamomlab, jurnalistika sohasiga kirib kelayotgan kadrlarning 60-70 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani, ommaviy axborot vositalarida ko‘pchilik ayollar mehnat qilayotgani barchaga ma’lum.
Media faoliyat bilan shug‘ullanayotgan zukko opa-singillarimiz tomonidan tayyorlangan maqolalar, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda nainki kasb mahorati, balki qalb qo‘ri, ayollik nazokati ham sezilib turadi. Respublikamiz miqyosida o‘tkaziladigan jurnalist xotin-qizlar o‘rtasidagi tanlovning “Atirgul” deb nomlanishi bejiz emas. Zero, atirgul timsolida ayol nafosati va go‘zalligi mujassamdir.
bugungi kunda jurnalist ayollarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Ularning ijtimoiy -siyosiy faolligi davlatimiz va jamiyatimiz uchun muhimligini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Tanlovda yurtimizning barcha hududlaridan 107 nafar jurnalist ayol 1500 dan ortiq ijodiy ishlari bilan qatnashdi. Ishtirokchilar safida eng faoli qoraqalpog‘istonlik ayollardir.
“Inson qadri ulug‘langan eng yaxshi materiallar uchun” yo‘nalishi bo‘yicha eng ko‘p - 150 dan ortiq ishlar kelib tushdi. “Jurnalistika sohasidagi eng yaxshi ilmiy-tadqiqoti uchun” va “OAV bilan faol va tezkor ishlagani uchun” yo‘nalishlarida ham xotin-qizlarining faolligi yaqqol kuzatildi. Ayni paytda nodavlat ommaviy axborot vositalari vakillari ham tanlovda faol qatnashdi.
Ijodiy tanlovning turli nominatsiyalari bo‘yicha 16 nafar jurnalist ayol g‘olib topildi.
– Inson qadrining ulug‘langani ushbu tanlovda ham o‘z ifodasini topmoqda, – dedi “Farg‘ona haqiqati” gazetasi bo‘lim mudiri, “Atirgul” tanlovning 2022 yilgi rag‘batlantiruvchi mukofoti g‘olibalaridan biri Sevara Alijonova. – “Inson qadri ulug‘langan eng yaxshi materiallari uchun” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lganimdan mamnunman. Bu mukofot yanada tig‘li, o‘tkir materiallar tayyorlashga imkon beradi. Zero, qadr eng yaxshi mukofotdir.
Tadbirda ko‘plab nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib jurnalist opa-singillarimizga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, tabarruk yoshni qarshilagan bir guruh jurnalist ayollar ham taqdirlandi.
Nazokat Usmonova, O‘zA