O‘n bolani asrab olgan oila g‘olib
Yuqori Chirchiq tumanida Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Farovon oila sari” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.
Unda oila va xotin-qizlar tuman, shahar bo‘limlari mas’ul xodimlari, mahalla xotin-qizlar faollari, ibratli oilalar vakillari hamda faol yoshlar ishtirok etdi. Tanlovning saralash bosqichida 1 ming 22 ta mahalla orasidan saralangan yigirmadan ortiq oila vakillari turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblik uchun bellashdi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra birinchi o‘ringa Bo‘stonliq tumani mehribonlik uyidan o‘n nafar bolani asrab olgan Inkarov oilasi munosib deb topildi. Tadbir doirasida hunarmand va kasanachi, omilkor oilalarning mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Hozir Toshkent viloyatida 844 ming 722 nafar oila mavjud. Hududlar orasida eng ko‘p oilalar Chirchiq shahrida yashaydi va 86 ming 658 nafarni tashkil etadi.
A.MUSAEV,O‘zA.