O‘monda noma’lum snaryad neft tankerini shikastladi
O‘mon qirg‘og‘i yaqinida sodir bo‘lgan hujum oqibatida neft tankeri jiddiy shikastlanib, harakatlanish qobiliyatini yo‘qotdi. Bu haqda "The New Indian Express" xabar bermoqda.
Buyuk Britaniya Qirollik dengiz floti qoshidagi Dengiz savdo amaliyotlari markazi (UKMTO) hodisa Ash-Shishoh aholi manzilidan 9 dengiz mili masofada, shimoli-sharqiy yo‘nalishda yuz berganiga e’tibor qaratgan.
Kema motori zararlangani bevosita tanker harakatlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Kapitan bergan ma’lumotga ko‘ra, zarba noma’lum snaryad bilan berilgan. Baxtli tasodif tufayli ekipaj a’zolaridan hech kim jabrlanmagan. Ular to‘liq xavfsizlikda. Shuningdek, atrof-muhitga yonilg‘i yoki chiqindi sizgani to‘g‘risida ham ma’lumot berilmagan.
Hozircha hujumga uchragan kemaning nomi va qaysi portga tegishliligi bilan bog‘liq tafsilot oshkor qilinmayapti.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA