O‘mon – O‘zbekiston hamkorligi mustahkamlanmoqda
O‘mon Sultonligining “Omandaily”, “Shuoon” kabi qator yetakchi nashrlari O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiyaning ushbu mamlakatga tashrifini keng yoritmoqda.
Vakillarimiz safar doirasida Masqat shahrida yuqori martabali davlat va ishbilarmon doira vakillari – savdo, sanoat va investitsiyani rag‘batlantirish vaziri Qays Al Yusuf, Investitsiya agentligi rahbari Abdussalom Al-Murshidiy, Qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va suv resurslari vaziri o‘rinbosari Ali Al-Abriy, shuningdek “Suhail Bahwan Group”, “Sohar International Bank”, “Oman Cables”, “Asyad Group”, “MB Holding” каби yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi.

Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston tomoni neft-gaz kimyosi, energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, tog‘-kon, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati, logistika va turizm sohalarida tayyor loyihaviy tashabbuslar taqdim etdi.

Mamlakatimiz sarmoyaviy muhitiga oid amaliy jihatlar – investorlarni himoya qilish kafolati, soliq va bojxona imtiyozi, sanoat zonalaridagi preferensiyalar hamda strategik loyihalar uchun maxsus tartibot batafsil tushuntirildi.

Muzokaralar yakunida ustuvor tarmoqlarda yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar uzoq muddatli aloqa o‘rnatishga tayyorligini bildirdilar. Bu jarayonda asosiy e’tibor qo‘shma investitsiya, infratuzilmani rivojlantirish va savdoni diversifikatsiya qilishga qaratiladi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning O‘monga sarmoya kiritish imkoniyati, Sultonlik tomonidan investorlarga taqdim etiladigan imtiyozlar aks etgan ko‘rgazmali taqdimot o‘tkazildi. Lavhada investitsiyani rag‘batlantirish, sarmoyadorlar rezidentligi dasturi, maxsus iqtisodiy va erkin zonalarda yaratilgan qulayliklar haqida so‘z yuritilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA