O‘mon hukmdori Hindistonga tashrif buyurdi
O‘mon hukmdori Sulton Haysam bin Toriqning Hindistonga davlat tashrifi munosabati bilan poytaxt Dehli shahridagi Rashtrapati Bxavan saroyida rasmiy qabul uyushtirildi. Bu haqda O‘mon axborot agentligi – “ONA” ma’lum qildi. Bu O‘mon rahbarining hind diyoriga 25 yildan ortiq vaqt davomidagi birinchi safari.
Sultonni Hindiston Respublikasi Prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modi kutib oldi.
Modi shanba kuni Sulton Haysam bin Toriq bilan erkin savdo kelishuviga erishish uchun muzokara o‘tkazdi.
Juma kuni boshlangan uch kunlik tashrif davomida oliy martabali mehmonga Vazirlar Mahkamasining yetti nafar vaziri hamrohlik qilmoqda.

– Yangi Dehlida bo‘lib o‘tgan samarali muloqotdan mamnunmiz, – dedi Sulton Haysam. – Ushbu tashrif mamlakatlarimiz farovon kelajagi uchun o‘rnatilgan ko‘p yillik munosabatni yanada mustahkamlash uchun tarixiy imkoniyatdir. Biz mintaqa va dunyoda adolatli tinchlik-totuvlikka erishish zarurligini tasdiqlaymiz. Xalqlarni birlashtiruvchi, umumiy intilish va umidga xizmat qiladigan tamoyilga asoslangan kelajakdan umidvormiz. Butun dunyo taraqqiyot, ilm-fan, bilim va innovatsiya, yuksalish va farovonlik uchun katalizator bo‘lsin.

Uchrashuvda strategik hamkorlikni rivojlantirish, taraqqiyot va farovonlik yo‘lida yangi yo‘nalishlarni kashf etish masalasi muhokama qilindi.
– Hindiston va O‘mon o‘rtasida asrlar davomida mustahkam do‘stlik rishtasi mavjud, – dedi Bosh vazir Narendra Modi. – Arab dengizining bir qirg‘og‘ida Hindiston, ikkinchi sohilida O‘mon joylashgan. Yaqinligimiz geografiya bilan cheklanmaydi, balki ko‘p ming yillik savdo-sotiq, madaniyat va umumiy ustuvorlikda ham namoyon bo‘ladi. Bugun yangi – “Hindiston – O‘mon qo‘shma qarashlari: kelajak uchun hamkorlik” hujjatini qabul qilyapmiz. 10 xil yo‘nalish bo‘yicha aniq harakat kelishib olingan ushbu bitim Hindiston hukumati rahbarining 2018 yildagi O‘monga tashrifi natijasidir. Hujjat dengiz sektori, aloqa, energiya xavfsizligi, yashil energiya, ayniqsa yashil vodorod – kosmik, raqamli to‘lov, sog‘liqni saqlash, turizm, tabiiy ofatni bartaraf etish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini qamrab olgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA