Omilkorlik, mehnatsevarlik samarasi
“Sevinch nur fayz” fermer xo‘jaligini Chinoz tumanida ilg‘orlar qatorida tilga olishadi. Kamolidin Arabboyev rahbarlik qilayotgan xo‘jalik tashkil topgan 2007-yildan buyon davlatga paxta va g‘alla sotish shartnoma rejasini muntazam ortig‘i bilan bajaradi.
“Sevinch nur fayz” fermer xo‘jaligini Chinoz tumanida ilg‘orlar qatorida tilga olishadi. Kamolidin Arabboyev rahbarlik qilayotgan xo‘jalik tashkil topgan 2007-yildan buyon davlatga paxta va g‘alla sotish shartnoma rejasini muntazam ortig‘i bilan bajaradi. Xo‘jalik ekin maydoni nisbatan chog‘roq – 34 gektar bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilik fermerlarga namuna bo‘la oladi.Xo‘jalik bu yilgi g‘alla mavsumida don sotish rejasini muddatidan avval bajardi. Eng muhimi, 22 gektarda undirilgan bug‘doy hosili gektaridan 60 sentnerdan to‘g‘ri keldi. Belgilanganidan ortiq xirmon uydi. Qolganini xo‘jalik ishchilari teng taqsimlab oldi. Hozir ular g‘alladan bo‘shagan yerda kartoshka, piyoz, sabzi, karam va boshqa qishloq xo‘jalik maxsulotlarini yetishtirmoqda...
– Dehqon uchun oson va qulay keladigan yilning o‘zi bo‘lmaydi. Lekin bu yil tabiat bardosh va mahoratimizni g‘oyat qattiq sinovdan o‘tkazdi, – deydi fermer. – Bahorgi tinimsiz yog‘ingarchiliklar ko‘z ochirmay qo‘ydi. Chigit ekish uchun hammasi taxt, biroq yer tayyor emas... Qalovini topsang qor ham yonadi, deganlaricha bor ekan. O‘qigan, o‘rganganlarimizga, qolaversa, tajribaga tayanib mavsum boshida xo‘jaligimizning 12 gektariga yuqori navli chigit urug‘ini qadadik. Bir hafta deganda to‘liq undi. Barcha kerakli agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli bajardik. Zarur tabiiy hamda mineral o‘g‘itlarni ayamadik. Bunda texnikalarimizning butligi, ishni belgilangan tartibda olib borganimiz qo‘l keldi. Shukr, mehnatimiz zoye ketmadi...
Bugun fermerning qalbini to‘lqinlantirayotgan faxr hissining cheki yo‘q. U paxtadan mo‘l hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi.
– Guvohi bo‘layotganingizdek, dalada hali paxta mo‘l, – deydi Kamoliddin aka. – Shuning hisobiga bu yilgi hosildan 50 million foyda qilishni rejalashtiryapmiz. Unga xo‘jaligimizda qo‘shimcha tarmoq faoliyatini yo‘lga qo‘yish niyatidamiz.
Tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, chinozlik fermerlar joriy yilda 7 ming 500 gektar maydonda paxtaning “S 65-24”, “Porloq” kabi iqlimga mos, ertapishar navlarini undirgan. G‘o‘zani tungi sug‘orish, mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, chopiq qilish ishlarida ilg‘or agrotexnik tadbirlar qo‘llanilgan. Chekanka qilish, begona o‘tlardan tozalashda tajribali mutaxassislar maslahatiga amal qilingan. Natijada mo‘l hosil yetishtirildi.
Bugun oppoq tovlanib, ko‘zni quvontirayotgan paxtani qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olish uchun barcha yumushlar belgilanib, terimchilarga zarur sharoit va qulayliklar yaratilmoqda. Tibbiy, madaniy, savdo xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Terimchilarning mazmunli dam olishini ta’minlash maqsadida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘ngilochar dasturlar tashkil etilmoqda.
– Fermer xo‘jaliklari dala shiyponlarida madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilmoqda, –deydi Ma’naviyat targ‘ibot markazi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari Mahmud Nazarov. – Zero, terimchilarning bo‘sh vaqti mazmunli va maroqli o‘tsa, mehnat unumdorligi oshadi. Shu maqsadda viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda madaniy tadbirlar o‘tkazmoqdamiz.
Paxta yig‘im-terimi mavsumida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, texnika vositalarining soz va samarali ishlashiga erishish maqsadida viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ham zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Xususan, paxtaga ixtisoslashgan hududlarda aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Fermer va ishchilar, terimchilar ishtirokida o‘quv-seminarlar o‘tkazildi. Bu tadbirlarda mavsumda qatnashadigan har bir kishining mas’uliyati, zimmasiga yuklatilgan vazifalar, yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha tushuncha va tavsiyalar berildi. Paxtazorlarga yaqin hududlarda ogohlikka chorlovchi bannerlar o‘rnatildi.