Omilkor dehqonlar faoliyatidan bir lavha
Har bir hududning dehqonchilikda o‘z yo‘nalishlari bor. Qaysidir hududda bog‘dorchilik rivojlangan bo‘lsa, yana qaysidir hudud kishilari asosan sabzavot yoki poliz mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
Chiroqchi tumanining Chorshanbe mahallasi aholisi ko‘proq chorvachilikni ma’qul ko‘rishadi. Boisi asosiy maydoni lalmikor, yaydoq adirliklardan iborat bo‘lgan bu hududda dehqonchilik qilish oson emas.
Biroq “Qalovini topsang qor ham yonadi” deganlaridek, shu mahallalik 71 yoshli Tojihol Bekmurodova bir gektarlik qarovsiz hududni o‘zlashtirib, yerto‘la usulida issiqxona tashkil etgan. Bugun bu issiqxonada haqiqiy tropik manzaradan kishining ko‘zi quvonadi.
– Yigirma ikki yil maktabda o‘qituvchilik qilganman, – deydi Tojihol Bekmurodova. – Farzandlarim ulg‘aya boshlagach, oilaning daromadini oshirish, qandaydir tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylab yurgandim. Ana shunday kunlarning birida Farg‘ona viloyatidagi qarindoshlarnikiga mehmonga bordim. Ularning dehqonchilik ishlari bilan tanishdim. Bog‘lari, issiqxonalarini ko‘rib, dilim yayradi. Shu bilan birga, bir parcha yerdan ham millionlab daromad olishini eshitib, yuragim og‘ridi ham. Axir bizda katta-katta maydonlar foydalanilmasdan, bo‘sh yotgandida. Xullas, mehmondorchilikdan shu ishlarni men ham qilaman, degan qat’iy maqsad bilan qaytdim.
[gallery-10937]
Ana shu rejani amalga oshirishga qat’iy kirishgan Tojihol Bekmurodova dastlab farzandlari bilan birgalikda “artezan” qazdirib, yer osti suvini chiqaradi. So‘ng, bir gektar maydonda yerto‘la usulida issiqxona qurib, u yerga limon, apelsin va mandarin ko‘chatlarini o‘tqazadi.
— Hozir barcha ko‘chatlarimiz to‘liq hosilga kirgan, – deydi Tojihol Bekmurodova. – Yiliga 20-25 tonna hosil olayapmiz. Bundan tashqari, chorvachilik hamda ochiq maydonda poliz va sabzavot ekinlarini yetishtirish bilan shug‘ullanamiz. Farzandlarim, qiz-kelinlarimning barchasi o‘zimizning tomorqada mehnat qiladi. Albatta, shunga yarasha yaxshigina daromad ham topamiz. Yangi uy-joylar qurdik, to‘ylar qilyapmiz, mashinalar minyapmiz, bularning barchasi mehnatimiz ortidan-da.
Tojihol Bekmurodova biz bilan suhbatlashar ekan, to‘rt yil avval bir dona shaftoli ko‘chatini olib kelib, sinov uchun issiqxona sharoitida parvarishlab ko‘rganini aytib qoldi. Ayolning ta’kidlashicha, bu tajriba yaxshi natija berib, “yopiq tomorqa”dagi shaftoli ancha ertachi, juda sifatli hamda mo‘l hosil beribdi. Bundan ruhlangan tashabbuskor ayol endi yana bir gektarlik issiqxona barpo etib, yopiq sharoitda shaftoli yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ymoqchi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA.