“Ombudsman maktabi” loyihasi – amalda
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) viloyat mintaqaviy vakili tomonidan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida tadbir o‘tkazildi. Unda “Qalqon” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsmanning) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Abira Huseynova ta’kidlashicha, inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahallaning hal qiluvchi roli ahamiyatlidir. Xalq orasida “mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, mamlakat obod bo‘ladi, degan iboraning mavjudligi bejiz emas.
[gallery-8839]
Yig‘ilishda inson qadrini ulug‘lash yilida inson huquq va erkinlarini himoya qilish yo‘nalishida davlat organlari va tashkilotlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligida amalga oshirishning yangi usul va vositalarini yaratish, bunda mahallalardagi yoshlarga tadbirkorlikni o‘rgatish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tadbirda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan demokratik islohotlarni qat’iy davom ettirish, bosh mezon hisoblangan “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” doirasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarning, birinchi navbatda, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlash eng oliy qadriyat ekanligi ta’kidlandi.
O‘zaro savol javob va erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda kelgusida “Ombudsman maktabi” doirasida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar bo‘yicha takliflar ham olindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA