Ombudsman: inson huquqlari himoyada
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan 4-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.
– Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad yopiq muassasada saqlanayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari ta’minlanishi, yashash sharoiti hamda ularga yaratib berilgan shart-sharoitlarni o‘rganishdan iboratdir. Monitoring jarayonida muassasadagi kameralar va umumiy binolarning sanitariya holati, yashash uchun mo‘ljallangan xonalarning holati, oziq-ovqat ta’minoti, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, mehnatga jalb etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi, – deydi mintaqaviy vakil Abira Huseynova.
Shuningdek, mahkumlar uchun uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar o‘tkaziladigan xonalar, advokatlar va tergovchilar bilan muloqot qilish uchun ajratilgan joylar ham ko‘zdan kechirildi. Muassasada o‘rnatilgan videokuzatuv tizimlari va xavfsizlik choralari holati ham o‘rganildi.
Tashrif davomida “Ombudsman quti”lariga qoldirilgan murojaatlar o‘rganish uchun olib ketildi. Shuningdek, muassasa hududida mahkumlar bilan umumiy uchrashuvlar tashkil etilib, ularning murojaat va takliflari tinglandi. Qabulga yozilgan shaxslar, shuningdek, ayrim kameralarda saqlanayotgan mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning huquqlari ta’minlanishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Bunday monitoring tashriflari kelgusida ham inson huquqlarini ta’minlash, yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar uchun munosib sharoit yaratish hamda qonunchilik talablariga amal qilinishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.