Omborda, xonadonda don bo‘lsa, ko‘ngil to‘q
G‘alla – 2021
Farg‘ona viloyati Bag‘dod va Buvayda tumanlarida yetishtirilgan g‘alla hosilini uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Farg‘onalik g‘allakorlarning yildan-yilga sara don yetishtirishda tajribasi ortib bormoqda. Joriy yilda ham mashaqqatli mehnat evaziga mo‘l hosil yetishtirildi. Oldinda muhim va mas’uliyatli jarayon – g‘alla hosilini nest-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olish vazifasi turibdi. O‘rim-yig‘im oldidan shahar va tuman hokimlari, sektor rahbarlari, otryadlar boshliqlari, qishloq xo‘jaligi tizimidagi korxona va tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida Bag‘dod tumanidagi “Matqulobod Cheksaroy” muqobil mashina traktor parki hududidagi “Poyqadam Bag‘dod” fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda ana shular haqida so‘z bordi.
Hozir viloyat bo‘yicha salkam 100 ming gektar maydonda g‘alla hosili pishib yetilmoqda. Bu yil farg‘onaliklar 661 ming 700 tonna boshoqli don hosili yig‘ishtirib olishni ko‘zlab turibdi. Uning 258 ming 528 tonnasi davlat omborlariga topshiriladi. Omborda, xonadonda don bo‘lsa, ko‘ngil ham to‘q, xotirjamlik bo‘ladi. Shuning uchun hosilni maslahatlashib, tartib-intizom bilan, tizimli ish tashkil etib yig‘ishtirib olish zarur.
Viloyatda g‘alla to‘liq klaster usulida yetishtirildi. G‘allakorlarga urug‘lik, yoqilg‘i va o‘g‘it o‘z vaqtida, yetarli miqdorda yetkazib berildi. Mavjud 33 ta klaster tomonidan o‘rim-yig‘im uchun 8,5 milliard so‘mlik yoqilg‘i zaxirasi yaratilgan. Bu yilgi mavsumda o‘rim-yig‘im ishtirokchilarining moddiy manfaatdorliklari alohida e’tiborda. Ularga ish haqlari har besh kunda berib boriladi. Avans tariqasida o‘rim-yig‘im otryadi boshliqlari, mexanizatorlar va haydovchilarga 2 million so‘mgacha pul berildi.
Kombaynchilar, haydovchilar va o‘rim-yig‘imning boshqa ishtirokchilari uchun dala boshida qulay sharoitlar yaratib berilmoqda. Bu esa ularning unumli va barakali ishlashlarini ta’minlaydi. Ana shunday sharoit va qulayliklar don mahsulotlari korxonalarida ham tashkil etiladi. O‘rim-yig‘im ishlarida 350 ta kombayndan samarali foydalaniladi. Ularni mavsumga tayyorlash uchun klasterlar tomonidan 7 milliard so‘mlikdan ortiq ehtiyot qismlar xarid qilindi. Lizing orqali 11 ta yuqori unumli o‘rim texnikalari keltirildi. Shu kunlarda ana shunday kombaynlardan yana 6 tasi olib kelinadi. O‘rim-yig‘im otryadlariga 1 ming 665 ta hosilni tashishga mo‘ljallangan transport vositalari, 44 ta ko‘chma ustaxona, 100 ta yoqilg‘i tashish texnikasi, 42 ta o‘t o‘chirish mashinasi biriktirib qo‘yildi.
Seminarda ta’kidlanganidek, kombaynlarning har bir ish soati, harakati nazoratda bo‘ladi. Ularning ish samaradorligi tahlil qilib boriladi. Natijalarga qarab kombaynchi va haydovchilarning, otryad boshqa a’zolarining moddiy manfaatdorligi oshiriladi. Urug‘lik hosilni yig‘ishtirib olish uchun alohida otryad faoliyat ko‘rsatadi va sifatiga ahamiyat qaratiladi.
Ko‘rgazmali seminarda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.
M. Sulaymonov, O‘zA