“Olx.uz”dagi firibgarlikdan ehtiyot bo‘ling
Onlayn xizmatlar, jumladan, mahsulotlarning onlayn savdosi ham rivojlanib bormoqda. Biroq, afsuski, onlayn savdoda firibgarlik holatlari uchrayotgani sir emas.
“Olx.uz” platformasi tovarlar va xizmatlar taqdim etishning qulay vositasi bo‘libgina qolmay, firibgarlar uchun ham o‘lja izlash vositasi bo‘lib qolmoqda.
Bu yerda tuzoqqa tushib qolmaslik uchun hushyorlikni oshirish talab etiladi. Shaxsi, telefon raqami aniq bo‘lmagan shaxslarga oldindan pul o‘tkazib berish yoki ularga karta raqamingiz bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni ma’lum qilmaslik, ayniqsa, kodlarni oshkor etmaslik zarur.
Sirdaryo viloyati Guliston shaharida yashovchi fuqaro D.J. “Olx.uz” orqali Zarina ismli shaxs bilan gaplashib, u bilan konditsioner sotib olishga kelishgan. Kelishuvga ko‘ra, unga oldindan 345 ming so‘m miqdordagi pullarni bank kartasiga o‘tkazib bergan. Biroq, ushbu shaxs boshlang‘ich to‘lovni olganidan so‘ng telefon apparatini va ijtimoiy tarmoq orqali yozishmalarni o‘chirib tashlagan.
Shundan so‘ng jabrlanuvchi ichki ishlar organiga murojaat qilib, noma’lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur jinoyatni fuqaro Z.K. sodir etgani aniqlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Bundan oldinroq esa Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashovchi B.N “Olx.uz” saytida xonadon ijarasi bo‘yicha noma’lum shaxs bilan savdolashgan. Unga 950 ming so‘m pul mablag‘ini o‘tkazib bergan. Ammo keyinroq aldanib qolganini bilgan va noma’lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab ichki ishlar organiga murojaat qilgan.
Olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida pullarni o‘zlashtirgan shaxs muqaddam javobgarlikka tortilgan, Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashovchi Sh.N. ekanligi aniqlangan. Sh.N. bundan tashqari ushbu usuldan foydalanib, boshqa o‘ndan ortiq fuqaroni aldab, pul mablag‘larini shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi ma’lum bo‘ldi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Toshkent shahrida yashovchi fuqaro R.A. ariza bilan murojaat qilib, “Olx.uz” saytida kunlik “Dacha Chimgan” nomli e’lon bo‘yicha noma’lum shaxs bilan telegram messenjeri orqali gaplashib, hovlini ijaraga olish maqsadida oldindan to‘lov sifatida unga 700 ming so‘m o‘tkazib bergan.
o‘rsatilgan manzilga borganida esa noma’lum shaxs u bilan aloqani uzib, telefon raqamlarini bloklab qo‘ygan.
Bu fuqaro ham pullarining qaytarilishida amaliy yordam so‘rab ichki ishlar organiga murojaat qilgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlik qilib pullarni o‘zlashtirgan shaxs toshkentlik D.F. ekanligi aniqlangan.
D.F. firibgarlik yo‘li bilan boshqa bir nechta fuqaroni aldab, pullarni o‘zlashtirgani va shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani ma’lum bo‘ldi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi fuqarolarni notanish kishilardan tovar va narsalarni xarid qilganda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni, firibgarlik qurboni bo‘lib qolmaslik uchun ogoh bo‘lishga chaqiradi.
N.Abduraimova,
O‘zA