Oltinsoyliklar istiqlolni sharafladi
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlab “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu shior ostida Surxondaryo viloyatining qishloq va mahallalarida o‘tkazilayotgan bayram shodiyonalari tuman markazlarida davom etmoqda.

Oltinsoy tumanida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbir ham bayram mehmonlari va tuman ahliga bir olam quvonch ulashdi.

Tuman aholisining asosiy bayram tantanalarida tuman hokimi B. Maxmatrayemov barchani eng ulug‘, eng aziz shodiyona bilan samimiy tabriklab, istiqlol sharofati bilan Vatan, millat va xalq farovonligi yuksalib borayotgani haqida atroflicha fikr eritdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar yurt obodligi, xalqimiz to‘kinligi va millatlararo totuvlikni ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Yaqin yillarda ham asosan meva-uzum yetishtirilgan Oltinsoy tumani tub o‘zgarishlarga yuz tutib, sanoati rivojlanmoqda. Bunga so‘nggi uch yilda qiymati 707,8 milliard so‘mlik 101ta loyiha ishga tushirilib, 974 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgani, yer osti boyliklari o‘zlashtirilib, “Turonekoko‘mir” va “Ekspogroupkoal” korxonalari ishga tushirilganiyu, yillik quvvati 280 ming tonna ko‘mir qazib olinayotgani yaqqol dalildir. Yuz berayotgan yangilanishlar odamlarning turmush sharoitini yaxshilab, hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilayotgani quvonarlidir. Jumladan, keyingi uch yilda 7 ming 800 xonadon ilk marta markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 66 ming 200 kishi toza obi-hayotdan baxramand bo‘la boshladi.Mahallalarda 177,4 kilometr ichki yo‘l ta’mirlanib, 100 mingdan ortiq aholining mushkuli oson bo‘ldi. 52 kilometr masofada piyodalar yo‘lakchasi barpo etildi. Qiymati 85 milliard so‘mlik zamonaviy ikki qavatli “Ekobozor” va zamonaviy “Shohbekat” kompleksi bunyod etilmoqda. Joriy yilda Mo‘minqul mahallasi “Obod xonadon¬obod ko‘cha¬obod mahalla” dasturi doirasida qiyofasini tubdan o‘zgartirdi. Marmin, Chep, Xo‘jasoat mahallalari ham obodonlashtirilib, aholining turmush sharoitini oshirish uchun barcha qulaylik yaratilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi ham rivojlanib, intensiv bog‘lar tashkil etilayotir. Hosildorlik yildan-yilga oshib, aholi to‘kinligi ta’minlanmoqda. Ta’lim sohasidagi islohotlar umumta’lim maktablaridagi yutuqlarni viloyatda 12 o‘rindan 9 o‘ringa, o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichini 9 o‘rindan 4 o‘ringa ko‘tardi.

Tantanali tadbirda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan faollar, sport, ta’lim va boshqa sohalarda yuqori natijalarga erishgan yoshlar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram mahalliy va poytaxtlik elimiz suygan san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri