Oltin va kumush medallar topshirildi
Guliston shahridagi “Farovon“ tantanalar uyida umumta’lim maktablarini a’lo baholarga tamomlagan bitiruvchilarga oltin va kumush medallarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Joriy o‘quv yilida Sirdaryo viloyatidagi 337 ta umumta’lim maktabining 11-sinfini 10 ming 361 nafar yigit-qiz muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma oldi. Bitiruvchilarning 249 nafari oltin va 42 nafari kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Tadbirda ishtirok etgan Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev bugun mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida navqiron avlod kamoloti yo‘lida beqiyos imkoniyatlar yaratib berilayotganini ta’kidlarkan, yigit-qizlarni bu imkoniyatlarni qo‘ldan boy bermaslikka chaqirdi, umrning yoshlik fasli o‘qib-izlanish, hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun eng qulay fursat ekanini qayd etdi.

Bitiruvchi yoshlarning vakillari ham so‘zga chiqib, orzu-istaklari, maqsadlari haqida gapirdilar. Ta’lim bergan ustozlariga minnatdorchilik bildirishdi. San’atkorlarning chiqishlari barchaga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.


O‘quv yili viloyatda muvaffaqiyatli yakunlanmoqda, deyish mumkin. Boisi, bitiruvchilarning 358 nafari muddatidan oldin nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabalariga aylandi, 13 nafari xalqaro grantlar sohibi, 542 nafari xorijiy til bilish sertifikatlariga ega bo‘ldi. Shuningdek, “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakati a’zolarining 68 nafari imtiyozli tavsiyanomalarni qo‘lga kiritdi.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari