Oltin saralash fabrikasi qurilishi yakuniy bosqichda
OKMK geologlari tomonidan Kovuldi konining xomashyo bazasini ko‘paytirish va bo‘shayotgan quvvatlarni to‘ldirish maqsadida 2016-2022-yillarda yangi “Quyi-Kenjasoy” oltin konida geologiya-qidiruv ishlari olib borildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yerda foydali qazilmalarni qazib olish o‘n yildan ortiq vaqt davom etadi.
Ma’lumki, 2025 yilda ushbu konni ochish ishlari boshlangan bo‘lib, ayni paytda kon-kapital ishlari davom etmoqda. Oltin tarkibli rudani qazib olish 2027-2028-yillarga mo‘ljallangan. Konning yon tomonlarida esa geologlar qo‘shimcha qidiruv ishlarini olib bormoqda. Ushbu konning ochilishi orqali Kovuldi oltin saralash fabrikasi qurilmoqda. Yangi fabrika “Kovuldi” va “Quyi-Kenjasoy” konlarida qazib olinadigan ma’danlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, yiliga 200 ming tonna xomashyodan qimmatbaho metallar ajratib olinadi.

Fabrika qurilishi “Olmaliqmetallurqurilish” tresti tomonidan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga kelib ob’ektda qurilish va montaj ishlari 90 foizga bajarildi. Jumladan, shu kunga qadar 2 qavatli ma’muriy xo‘jalik binosining qurilishi tugallandi. Ishlab chiqarish korpusida qurilish ishlari yakunlanib, metall konstruksiyalarni montaj ishlari to‘liq hajmda yakunlandi.
Ochiq ma’danlar omborining qurilish ishlari ham yakunlanib, reagentlar omborida esa qurilish montaj va pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.Flotamashinalar, gidrotsiklon va tegirmonlar, klassifikator, kontakt chan va 1-sonli quyultirgich kabi texnologik uskunalar o‘rnatib bo‘lindi.

Muhandis texnik xodimlar va ishchilar uchun mo‘ljallangan yordamchi binolarda pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Fabrika binolarini yoritish tizimi elektr kabellari montaj qilinmoqda. Yuk ko‘tarish quvvati 20, 5 va 2 tonna bo‘lgan ko‘prikli kranlarni o‘rnatish ishlari yakunlandi. Qo‘riqlash xizmati xodimlari uchun qurilish ishlari davom etmoqda, ob’ektda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Fabrika qurilish ishlarida shuningdek, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi, Texnik xavfsizlik tizimi xizmati, Avtomobil transport boshqarmasi, Moddiy texnik ta’minoti boshqarmasi, Kovuldi kon boshqarmasi kabi mehnat jamoalari ham faol ishtirok etmoqda. Qurish ishlarini tashkil etishda Kapital qurilish boshqarmasi texnik ishlab chiqarish bo‘limi hamda loyiha ishlarini amalga oshirishda Loyiha ishlari boshqarmasi mehnat jamoalarining ham alohida o‘rni bor.

Ushbu fabrikaning barpo etilishi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan strategik loyihalardan biri hisoblanadi. Loyihaning ishga tushirilishi mahalliy xomashyo bazasidan oqilona foydalanish va oltin ishlab chiqarish hajmini tizimli ravishda oshirish orqali milliy oltin zaxiralarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.
E’tiborli jihati, fabrikaga o‘rnatilgan uskunalar kombinatning Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodi tomonidan mahalliylashtirish dasturi asosida tayyorlandi. Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra fabrika ishga tushirilgach, qo‘shimcha 151 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Kombinatda Angren kon boshqarmasi va Namangan viloyatidagi Chodak kon boshqarmalarida ham oltin saralash fabrikalari mavjud.
Mazkur fabrika yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
A.Musayev,O‘zA.