Oltin medal universitetga kirishga imtiyoz beradimi?
Maktab bitiruvchilari va ularning ota-onalari orasida eng ko‘p uchraydigan savollardan biri — oltin yoki kumush medal bilan tamomlagan o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga kirishda qandaydir imtiyozga egami?
Shuningdek, akademik litseyni qizil diplom bilan bitirgan yoshlarga ham qo‘shimcha ball yoki yengilliklar beriladimi?
Amaldagi tartibga muvofiq, maktabni oltin yoki kumush medal bilan tamomlagan bitiruvchilar uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida hech qanday alohida imtiyoz belgilanmagan.
Xuddi shuningdek, akademik litseylarni qizil diplom bilan bitirgan o‘quvchilarga ham OTMlarga qabul jarayonida qo‘shimcha ball yoki boshqa turdagi yengilliklar taqdim etilmaydi.
Demak, abituriyentlar uchun asosiy mezon — kirish imtihonlarida to‘plangan ball hisoblanadi. Qabul natijalari barcha talabgorlar uchun bir xil tartib va baholash mezonlari asosida shakllantiriladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oltin medal yoki qizil diplom o‘quvchining yuqori o‘zlashtirish darajasini ko‘rsatadi va kelgusida ta’lim yoki mehnat faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Biroq, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish jarayonida ular alohida imtiyoz sifatida hisobga olinmaydi.
Shu bois abituriyentlarga asosiy e’tiborni test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish va yuqori natija qayd etishga qaratish tavsiya etiladi. Bugungi kunda universitet talabasi bo‘lish uchun hal qiluvchi omil aynan imtihonlarda to‘plangan ball hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA