“Oltin boshoq” obod mahallaga aylandi
Mamlakatimizda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari doirasida bir qator ibratli ishlar amalga oshirilib, mahallalar qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda.
Bu borada Qashqadaryo viloyatida ham ko‘plab ezgu va xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mana shunday sa’y-harakatlar natijasida viloyatda obod maskanlar soni yana bittaga ko‘paydi. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mutasaddi tashkilotlar hamkorligida viloyatning Mirishkor tumanida joylashgan olis “Oltin boshoq” mahallasi infratuzilmasi to‘liq qaytadan yangilanib, foydalanishga topshirildi. Bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining yakuni haqiqiy bayram tusini oldi.
Tadbirda viloyat hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar, mahalla oqsoqollari, faollari hamda mahalla fuqarolar ishtirok etdi. Shu kunga qadar 512 ta xonadon, 2,5 ming nafarga yaqin aholi yashab kelayotgan Oltin boshoq mahalla fuqarolar yig‘inining ma’muriy binosi mavjud bo‘lmagan. Mazkur dastur doirasida “Mahalla yettiligi” faoliyatiga moslashtirilgan yangi mahalla binosi qurib foydalanishga topshirildi. Binoda muqobil energiya manbalaridan foydalanish maqsadida quyosh panellari o‘rnatildi. - Mahallamizda qisqa muddatda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi, - deydi mahalla raisi Xolmurod Asadov. – Dastur doirasida mahalla binosi qurib berildi. Birorta tekislanmagan, qum-shag‘al yotqizilmagan ko‘cha qolmadi. 7 ta kam ta’minlangan oila xonadonlari kapital ta’mirlab berildi. Sport maydonchalari, qishloq vrachlik punkti hamma-hammasi yangilandi. Xullas amalga oshirilgan bu ezgu ishlardan aholimiz juda xursand. Besh kilometr ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llariga tosh-shag‘al yotqizilib, mahallaning ichki ko‘chalarida 1,3 kilometr piyodalar yo‘lakchasi barpo etildi. Tungi vaqtlarda yoritish uchun 50 dona quyoshdan quvvat oluvchi tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
Dastur doirasida aholi xonadonlarini elektr-energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 185 dona temir-beton ustunlar o‘rnatildi va 5 ming metr yangi liniyalar tortildi. Ushbu jarayonda 2 ta yangi 100 kVtli transformator o‘rnatildi, mavjud 3 tasi ta’mirlandi. - Bu joylarga ilgari kelgan kishi cho‘lga kelgandek bo‘lardi, - deydi shu qishloqlik faxriy Ibrohim bobo Toshqulov. – Mana ko‘ringki hozir kichkina bir shaharchaga o‘xshab qoldi. Ko‘chalarimiz ravon va yorug‘ bo‘ldi. Ma’muriy binolar qurildi. Sport maydonchalari, go‘zallik salonlari barpo etildi. Bundan xalqimiz juda minnatdor. Shu ishlarini boshida turganlarga rahmat. Hududdagi 2005-2015 yillarda foydalanib kelingan “Yangi Jeynov” qishloq vrachlik punkti binosi ham joriy ta’mirlangach, “Oltinboshoq” oilaviy shifokorlik punkti sifatida qaytadan foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda bu tibbiyot maskani 2 ming 400 nafardan ortiq fuqaroga tibbiy xizmat ko‘rsatishni boshladi.
[gallery-15055]
– O‘zim shu qishloqdanman, uzoq yillardan buyon mana shu vrachlik punktida patronaj hamshira bo‘lib faoliyat yuritaman, – deydi Xolida Asadova. – Ilgarigi binomizning sharoitlari juda qoniqarsiz edi. Bino ma’nan eskirgan, bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun shart-sharoitlar umuman yo‘q edi. Eng qizig‘i bor yo‘g‘i ikki kishi ishlardik. Dastur doirasida bino qayta ta’mirlandi va oilaviy shifokorlik punktiga aylantirildi. Statsionar davolanish uchun koykalar tashkil etildi.
Isitish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Tibbiy jihozlar keltirildi. Ish o‘rinlari ko‘paydi. Albatta bu mahallamiz aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishimizda muhim ahamiyat kasb etadi. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 120 o‘rinli 27-umumta’lim maktabi binosi 1994 yilda qurilgan. Dastur doirasida maktab atrofi devor bilan o‘ralib, binoning ichki 11 ta xonasi joriy ta’mirlandi.
Shuningdek, maktabdagi issiqlik tizimi ishga tushirildi. Mahallada bugunga qadar yo‘lovchilar uchun birorta bekat bo‘lmagan. Dastur doirasida savdo do‘koni va yo‘lovchi kutish qismini o‘z ichiga olgan yangi bekat qurilib, foydalanishga topshirildi. Imtiyozli kredit hisobidan shu qishloqlik tadbirkor tomonidan yangi tikuv sexi, non va non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sex tashkil etilib, bir guruh xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. Yoshlarni sport va jismoniy tarbiyaga jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Work-out” maydonchasi, sun’iy qoplamali mini futbol o‘yingohi ham foydalanishga topshirildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari joriy etilayotgan mahalladagi 3 gektar maydonda yangi “Ichki ishlar bo‘limi bog‘i” barpo etilib, 4 ming dona manzarali va mevali daraxtlar ko‘chatlari ekildi. “Oltin boshoq” mahallasi hududiga kirish qismiga zamonaviy ko‘rinishdagi stella o‘rnatilib, tevarak atrofi obodonlashtirildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari