Oltiariq uzumchilik maktabi yaratilmoqda
Farg‘ona viloyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti sohasida mamlakatimizda juda katta salohiyatga ega.
Ayni paytda viloyatda yetishtirilayotgan gilos, uzum, o‘rik, shaftoli, anor, xurmo, qovun kabi mahsulotlar jahon bozorida tobora xaridorgir bo‘layotgani quvonarlidir. Oltiariq tumanida yetishtirilayotgan uzumlar esa juda mashhur. Ezgu tashabbusga ko‘ra, endilikda uzumchilik tarmog‘ida Oltiariq tajribasini butun mamlakat bo‘ylab ommalashtirish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar olib borilyapti.
Yashirishning hojati yo‘q, mamlakatimizda uzumchilikda yangi navlar yaratish va jahon bozorida xaridorgir navlarni mahalliylashtirish, uzumni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, sohaning eksport salohiyatini kuchaytirish borasida hayotiy tajribalarni ilmiy asosda rivojlantirishga katta ehtiyoj bor.
–Ayni shu jihatlarni inobatga olib, Oltiariq uzumchilik maktabini tashkil etishni rejalashtiryapmiz, – deydi tumandagi eng mirishkor uzumchi Husanboy G‘ofurov. – Bu tashabbusimizni Oltiariq tumani hokimligi qo‘llab-quvvatlab, bir gektar hosildor yer ajratilsa, har yili kamida 100 nafar yoshlarga uzumchilik sir-asrorlarini o‘rgatamiz, bu yerda doimiy 10 ta yangi ish o‘rni ham yaratiladi. Bu nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash imkonini beradi.
Husanboy aka qariyb yarim asrdan buyon uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Hozirgi kunda uning xonadonida “Husayni”, “Hasayni”, “Rizamat ota”, “Kelin barmoq”, “Qora shahzoda”, “Shohonak” singari o‘ndan ortiq uzum navlari parvarishlanadi. E’tiborlisi, oila a’zolari kuzda pishgan uzumni tokdan uzmagan holda keyingi yilning bahorigacha saqlash, uy sharoitida uzoq muddat tabiiy usulda saqlagan holda xaridorlarga yetkazib berish borasida katta tajribaga ega.
–Mahalliy uzum navlarining milliy brendlarini yaratish eng katta orzuim, – deydi u. – Yangi bozorlarni egallash uchun ilmiy asoslangan holda uzum yetishtirish, uning hosildor, danaksiz yangi navlarini ko‘paytirishimiz kerak.
Husanboy G‘ofurovning fikricha, uzoq muddat tabiiy usulda saqlash uchun uzumning kechroq pishadigan sara navlarini yetishtirish kerak. Natijada aholi xonadonlarida xonavor uzum saqlash va yilning to‘rt faslida ham unga bo‘lgan talabni qondirish mumkin bo‘ladi. Hozircha mahalliy uzum jahon bozorlarida nari-borsa uch yoki to‘rt oy sotiladi.
M. Sulaymonov, O‘zA