Olti soatlik mashaqqatli yo‘l ortidagi ezgulik
Tong soat 6:30. Qarshi shahridan Yakkabog‘ tumanining tog‘lar bag‘rida joylashgan Zarmas qishlog‘i sari yo‘lga chiqdik. Manzil olis. Tuman markazidan qariyb 120 kilometr. Ammo bu masofa oddiy yo‘l emas – tog‘ bag‘irlari, jarliklar, soylar va toshloq so‘qmoqlar orqali bosib o‘tiladigan mashaqqatli yo‘l.
Gaz ballonlari ortilgan avtomashina haydovchisi “olti soatda yetib boramiz”, deganida ishonish qiyin edi. Biroq yo‘l davomida bu gapning naqadar haqiqat ekaniga amin bo‘ldik.

Qamashi tumani hududidagi Langar ota ziyoratgohi, Maydanak observatoriyasi tomonidan o‘tib, tog‘li hududlarga kirib borgan sari yo‘l yanada og‘irlashdi. Archazorlar, soylar, chuqur daralar, tor so‘qmoqlar... Ayrim joylarda ikki mashina emas, hatto bitta yuk avtomashinasi arang sig‘adi.

Yo‘lning eng xavfli nuqtalaridan birida ro‘paramizdan yana bir yuk avtomashinasi chiqib qoldi. Bir tomonda jarlik, ikkinchi tomonda tik tog‘. Vaziyat tajribali haydovchilarning mahorati tufayli xavfsiz hal etildi va safar yana davom etdi.

Olti soatlik mashaqqatdan so‘ng tog‘lar quchog‘idagi Zarmas qishlog‘i ko‘rindi.

Gaz xizmati xodimi “Gaz keldi!” deb chaqirishi bilan aholi birin-ketin yig‘ila boshladi. Bu yerda gaz balloni yetkazib berish oddiy xizmat emas, balki har uch oyda kutiladigan muhim voqea.

Qishloq aholisi navbat bilan gaz ballonlarini qabul qilib olar ekan, ularning yuzida mamnunlikni ko‘rish qiyin emasdi.

70 yoshli Parda Mirzayev ham ana shunday insonlardan biri.
– Bu tog‘li hududga kelib xizmat ko‘rsatish oson emas. Yo‘lning mashaqqatini o‘zingiz ham ko‘rdingiz. Shunday bo‘lsa-da, gazchilar vaqtida kelib, aholini gaz bilan ta’minlab ketadi. Buning uchun davlatimizdan, yurtboshimizdan minnatdormiz. Olis qishloqda yashasak ham, e’tibordan chetda emasligimizni his qilamiz, – deydi u.

Yana bir necha qishloq aholisi ham bu xizmatning ahamiyati haqida so‘zlab, ayniqsa, qish faslida maishiy gazning o‘z vaqtida yetkazilishi oilalar uchun katta yengillik bo‘lishini ta’kidladi.
Ikki soat davomida 110 dona maishiy gaz balloni o‘z egalariga topshirildi.

Kech soat 18:30 larda Zarmas bilan xayrlashdik. Oldinda yana sakkiz soatlik qaytish yo‘li turardi. Gaz xizmati xodimlari esa uch oydan keyin yana shu mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishlarini aytib, qishloq ahli bilan xayrlashdi.

Tog‘lar bag‘ridagi bu safar yana bir haqiqatni ko‘rsatdi: mamlakatimizda aholiga yaratilayotgan ijtimoiy xizmatlar va qulayliklar faqat shaharlar yoki tuman markazlari bilan cheklanib qolmayapti. Eng olis va borish qiyin bo‘lgan qishloqlargacha yetib borayotgan bunday amaliy ishlar inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosatining hayotdagi yana bir yorqin ifodasidir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri