Olotda ma’naviyat va ma’rifat maskani ochildi
Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyati Olot tumanida ma’naviyat va ma’rifat maskani foydalanishga topshirildi.
Majmua ochilishida mutasaddilar, soha mas’ullari, jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va yoshlar ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Botir Zaripov va boshqalar yurtimiz mustaqillikka erishganidan keyingi davr mobaynida amalga oshirilgan ulkan ishlar, xalqimizda yurt ravnaqi uchun daxldorlik, shuningdek, mas’uliyat tuyg‘usi sezilarli ravishda o‘sgani, bugun biz erishgan yuksak marralar, ozod va obod Vatanimiz manzaralari, avvalo, istiqlol sharofatidan ekani, bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, xalqimizning osuda hayoti, go‘zal va betakror Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish har birimizning burchimiz ekanini alohida ta’kidlashdi.

Prezidentimizning 2021 yil 21-22-yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi hamda Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Olot tumani markazida kinoteatr va kutubxonani o‘z ichiga olgan “Ma’naviyat va ma’rifat maskani” binosini qurish masalasi ko‘tirilgan edi. Mazkur loyihani ro‘yobga chiqarish “O‘zbekneftgaz” aksionerlik jamiyati tasarrufidagi “Buxoro Neftni qayta ishlash zavodi” MCHJga topshirildi. Shundan so‘ng Olot tumani hokimining 2021 yil 11 fevraldagi qarori asosida tuman markazidagi Xalifa mahallasidan 15 ming metr kvadrat yer maydoni “Ma’naviyat va ma’rifat maskani” binosi qurilishi uchun ajratildi. O‘tgan yili boshlangan inshoot bunyodkorligiga 30 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Quruvchilar jonbozligi bilan ikki qavatli bu muhtasham binoda 255 o‘ringa mo‘ljallangan konsert, yoshlar uchun 62 o‘rinli kinoteatr, yana 60 o‘rinli anjumanlar zallari hozirlandi. Shuningdek, inshootda 20 o‘rinli axborot kutubxona, axborot texnologiyalariga qiziquvchi yigit-qizlar uchun yana shuncha o‘rinli kompyuter xonasi va turli to‘garaklar uchun 10 ta xona barpo qilinib, talab darajasida jihozlandi.
Shundan so‘ng alvon lenta qirqildi. Tadbirda yig‘ilgan mehmonlar Ma’naviyat va ma’rifat maskanida yaratilgan shart–sharoit, bunda navqiron avlod iste’dodini ro‘yobga chiqarishdek xayrli maqsad yo‘lida faoliyatini boshlagan to‘garaklar ishi bilan yaqindan tanishishdi.

Zarif Komilov, O‘zA