Olot g‘allakorlari mehnat zafariga erishdi
Mehnatga sadoqat, yerga mehr va zamonaviy agrotexnologiyalar uyg‘unligi Olot dalalarida yana bir bor o‘zining yuksak samarasini namoyon etdi. Buxoro viloyatining chegara hududi hisoblangan Olot tumani g‘allakorlari joriy mavsumda davlatga don sotish bo‘yicha shartnoma rejasini muddatidan oldin va ortig‘i bilan bajarib, katta mehnat g‘alabasini qo‘lga kiritishdi.
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholini sifatli don mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashda dehqon va fermerlarning hissalari beqiyos. Ana shunday fidoyi insonlar safida olotlik g‘allakorlar ham bu yil yuksak natijalarni qayd etib, fidoiylik va matonatning haqiqiy namunasini ko‘rsatishtmoqda.
Joriy yilda tumandagi 206 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 5 ming 370 gektar maydonda serhosil bug‘doy navlari parvarishlandi. Mavsum davomida agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, suv va mineral o‘g‘itlardan oqilona foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish natijasida har gektardan o‘rtacha 80 sentnerdan hosil olishga erishildi.
Bu ko‘rsatkich nafaqat tuman, balki viloyat miqyosida ham yuqori natija sifatida baholanmoqda. Ayniqsa, yerga mehr bilan yondashish, tajribali agronomlar tavsiyalariga amal qilish va mehnat intizomi a’lo darajada ta’minlangani hosildorlikning yanada oshishiga xizmat qildi.

Bugungi kunga qadar davlat qabul maskanlariga 18 ming tonnadan ortiq bug‘doy yetkazib berildi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu hosilning 1 ming 129 tonnadan ziyodi urug‘lik don sifatida jamg‘arilib, kelgusi yil hosili uchun mustahkam zamin yaratildi. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va kelgusi mavsumda ham yuqori hosildorlikka erishish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Mehnat g‘alabasiga erishishda bir qator peshqadam fermer xo‘jaliklari alohida o‘rnak ko‘rsatdi. Jumladan, “Islom”, “Shamsiddin Abdiyev”, “Himmat”, “Salohiddin Oyxon omadi”, “O‘ktam Avez”, “Yashnarbek Sanoqulov”, “Sherali Shahzod Shahram”, “Mamatqul Chori” hamda “Safar bobo zamini” fermer xo‘jaliklari har gektardan 85 sentnergacha hosil olib, tuman miqyosida eng yuqori natijalarni qayd etdi. Ularning bu yutug‘i mehnatsevarlik, bilim va tajribaning amaliy ifodasi bo‘ldi.
E’tiborlisi, davlat rejasi bajarilganiga qaramasdan, dalalarda o‘rim-yig‘im ishlari izchil davom etmoqda. Fermerlar har bir boshoqni nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish, hosilni sifatli saqlash va kelgusi yil uchun munosib zamin yaratish maqsadida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etmoqdalar.

Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, mavsum yakunida Olot tumanidagi yalpi g‘alla xirmoni 54 ming tonnadan oshib ketishi kutilmoqda. Bu esa nafaqat tuman iqtisodiyoti, balki butun viloyatning don zaxiralarini mustahkamlashga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Olot g‘allakorlarining bu yilgi mehnat zafari — yerga mehr, halol mehnat va yuksak mas’uliyatning yorqin samarasidir. Dalalarda yetishtirilgan har bir boshoq ortida minglab insonlarning zahmati, umidi va kelajakka bo‘lgan ishonchi mujassam. Ana shu fidokorona mehnat tufayli Olot bugun nafaqat Buxoro viloyati, balki mamlakatimiz g‘allachiligida ham munosib o‘rin egallab bormoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri