Olot bag‘ridagi tabiiy shifo mo‘’jizasi
Yurtimizda Prezident tashabbusi bilan ichki turizmni rivojlantirish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish va aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday ezgu sa’y-harakatlar samarasida Buxoro viloyatining olis cho‘l hududlari ham sayyohlar va shifo izlab keluvchilarni o‘ziga jalb etayotgan zamonaviy turistik maskanlarga aylanmoqda. Olot tumanidagi “Qum va tuz bilan davolash maskani” esa bu borada o‘ziga xos tabiiy mo‘’jiza sifatida e’tirof etilmoqda.
Yozning jazirama kunlari boshlanishi bilan Olot tumanining “Arabxona” mahallasida joylashgan mazkur maskan yana minglab mehmonlar uchun o‘z bag‘rini keng ochdi. Tabiatning noyob ne’mati mujassam bo‘lgan bu hudud bugun nafaqat dam olish, balki salomatlikni tiklash, ruhiy hordiq chiqarish va ekologik turizmdan bahramand bo‘lishning eng jozibali manzillaridan biriga aylanib bormoqda.
Tuman markazidan qariyb 24 kilometr uzoqlikda, shifobaxsh tuz koni va keng qum barxanlari bag‘rida barpo etilgan ushbu maskan har yili yuzlab emas, balki minglab mehmonlarni qabul qilmoqda. Bu yerga viloyatning turli hududlaridan, mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan hamda qo‘shni davlatlardan kelayotgan sayyohlar oqimi yil sayin ortib borayotgani uning nufuzi tobora oshib borayotganidan dalolat beradi.

Maskanning eng katta boyligi — tabiatning o‘zi yaratgan shifo manbaidir. Bu yerda qum vannalari, tuz kristallari hamda qora balchiq bilan davolash kabi xalq tabobatiga asoslangan muolajalar malakali mutaxassislar kuzatuvi ostida tashkil etilgan. Ayniqsa, tabiiy qum va tuzning shifobaxsh xususiyatlari bo‘g‘im, asab, teri hamda tayanch-harakat tizimi bilan bog‘liq ayrim xastaliklardan aziyat chekayotgan insonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shu bois bu maskanga har yili qayta-qayta tashrif buyuradiganlar soni ham ko‘payib bormoqda.
Bu yerga kelgan mehmonlar nafaqat davolanadi, balki cheksiz cho‘l bag‘ridagi musaffo havo, sokin muhit va betakror tabiat qo‘ynida ruhan ham dam oladi. Hozirgi kunda hududda 40 dan ortiq milliy o‘tovlar barpo etilgan bo‘lib, ularda mehmonlarning qulay dam olishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Milliy an’analar va zamonaviy xizmat uyg‘unligi maskanga yanada o‘ziga xos fayz bag‘ishlamoqda.

E’tiborlisi, bugun bu yerda faqat shifo emas, balki qulayliklar ham izchil yaratilmoqda. Maskanga olib boruvchi ikki kilometrlik avtomobil yo‘liga 1 milliard 800 million so‘m mablag‘ sarflanib, zamonaviy asfalt qoplamasi yotqizildi. Shuningdek, hududga 66 dona zamonaviy tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, elektr ta’minoti yanada yaxshilanmoqda, ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari jadal davom etmoqda. Bu o‘zgarishlar mehmonlar uchun yanada xavfsiz va qulay muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
Istiqbol rejalari ham salmoqli. Kelgusida bu yerda zamonaviy davolash shoxobchalari, tibbiyot punkti, yuvinish xonalari, salqin dam olish maskanlari, avtoturargohlar va turli xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish ko‘zda tutilgan. Bu loyihalar amalga oshgach, maskanning turistik va sog‘lomlashtirish imkoniyatlari yanada kengayadi.

Eng muhimi, Olotning qum va tuz bag‘rida joylashgan ushbu betakror maskan inson va tabiat uyg‘unligining yorqin namunasiga aylanib bormoqda. Bu yerga tashrif buyurgan har bir inson nafaqat tabiiy shifodan bahramand bo‘ladi, balki cho‘l bag‘ridagi sokinlik, musaffo havo va betakror manzaralardan zavq olib, yangi kuch va ilhom bilan hayotga qaytadi.

Olotdagi “Qum va tuz bilan davolash maskani” bugun Buxoro viloyatining turizm brendiga aylanish sari dadil odimlamoqda. Tabiat in’om etgan noyob boyliklar, davlat tomonidan yaratilayotgan zamonaviy infratuzilma va mehmonlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor bu maskanni nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning eng jozibador tabiiy sog‘lomlashtirish markazlaridan biriga aylantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri