Olmos Ulvi – ozarbayjonlik navoiyshunos olima
Bu yil insoniyat tamadduniga o‘zining boy va bebaho ma’naviy hissasini qo‘shgan zotlar, turkiy dunyo xalqlari adabiyotining yorqin namoyandalari, ulug‘ mutafakkir shoirlar Nizomiy Ganjaviyning 880 yilligi, Alisher Navoiyning 580 yilligi butun dunyoda keng nishonlanmoqda.
Bu tadbirlar yil davomida davom etayapti. Zero, Navoiyni har kuni, har doim o‘qishimiz, uqishimiz kerakligini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. Jahondagi navoiyshunos olimlar, o‘zbek adabiyoti jonkuyarlari, Alisher Navoiyning ma’naviy muxlislari haqida ma’lumotlar berib borishni niyat qildik.
Sir emaski, jahonda Alisher Navoiy ijodiga muhabbati buyuk insonlar ko‘p. Ular bir qator ilmiy ishlar, tarjimalar qilgani, kitoblar chop etgani, umrini bag‘ishlaganligi hayrat va ibrat ko‘zlarimizni ochsa ne ajab...
Navoiyshunos olimlardan ozarbayjonlik Olmos Qosim qizi Binnatova (Almaz Ulvi) filologiya fanlari doktori, professor. Olmos opa Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasining Nizomiy Ganjaviy nomidagi “Ozarbayjon-Turkmaniston-O‘zbekiston adabiy aloqalar” sho‘’basining mudiri. U “O‘zbek-Ozarbayjon adabiy aloqalari” mavzusida doktorlik ishini himoya qilgan. Olmos xonim 50 ga yaqin kitoblar muallifi bo‘lib, bulardan yigirma beshtachasi o‘zbek adabiyoti haqidadir. Jumladan, “Ozarbayjon – o‘zbek adabiy aloqalari: davrlar, siymolar, janrlar, tamoyillar” , “Alisher Navoiy Ozarbayjon adabiyotshunosligida”, “O‘zbek adabiyoti: adabiy portretlar, tadqiqotlar”, “O‘zbek adabiyoti va Ozarbayjon: tadqiqotlar, adabiy portretlar”, (2016, 170 s.); “Mustaqillik davri O‘zbek-Ozarbayjon adabiy aloqalari” (2016); “Alisher Navoiy” “Yozuvchi”ning shaxsiy qarashlari (2016, 40 s.), “O‘zbekcha-Ozarbayjoncha, Ozarbayjoncha-O‘zbekcha lug‘at” (23 ming so‘z, hammualliflikda), “Sharq tazkirachilik tarixidan” (darslik qo‘llanma, 2020), 1928 yilda chop etilgan Xolid Said Xo‘jayevning “Yangi alifbo masalasi yo‘llarida eski xotira va tuyg‘ularim” kitobini professor, filologiya fanlari doktori H.Boltaboyev bilan hamkorlikda qayta nashrga tayyorlab chop etgan (2020 yil), “ Alisher Navoiy. Hikmatli so‘zlar” (2020), “Alisher Navoiy asri va nasri (ilmiy-filologik va diniy-tasavvufiy asarlari”, 2021, 570 sahifa).
Olmos opaning 300 ga yaqin o‘zbek adabiyotiga oid ilmiy maqolalari ilmiy jurnal va kitoblarda nashr etilgan. Xususan, 180 ga yaqin maqolalari Alisher Navoiy haqida (bundan 50 ga yaqini O‘zbekistonda, boshqalari esa Turkiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozon, Qrim, Gruziya, Rossiya va Afg‘onistonning ilmiy nashr va to‘plamlarida chop etilgan). Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Qo‘qon, Guliston, Jizzax, Samarqand davlat universitetlarida ham onlayn shaklda, ZOOM orqali talabalarga ma’ruzalar o‘qib kelmoqda.
Olmos Ulvi rahbarligidagi “O‘zbekiston-Ozarbayjon-Turkmaniston adabiy aloqalar sho‘basi”da faoliyat olib borayotgan “Alisher Navoiy adabiyotshunoslik markazi”da Alisher Navoiy haqida magistr-talabalarga ma’ruzalar tashkil etadi. 2008 yildan buyon har yili fevral oyida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazib keladi. 2016, 2021-yillarda Afg‘onistonga (Qobul, Mozori-Sharif va Hirot shaharlarida) ilmiy seminarlarda bo‘lib, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur qabrlarini ziyorat qilgan. Kadrlar tayyorlash borasida 6 ta doktorant va dissertanti bor (Boku, Termiz va Samarqand universitetlarida). O‘zbekistonlik fan nomzodi va fan doktori darajasi uchun 100 ga yaqin himoya qilgan olimlarning dissertatsiya va avtoreferatlariga ilmiy taqrizlar bergan.
Olmosxonim O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zosi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faxriy professori, “Bobur” nomidagi xalqaro fondning Ozarbayjondagi maxsus vakili hisoblanadi.
O‘lmasbek Xo‘jayev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir-jurnalist.