Olmaotada oʻqdan yaralangan bola vafot etdi
Olmaotadagi tartibsizliklar chog‘ida bir bola o‘q jarohatidan halok bo‘ldi, yana biri yaralandi. Bu haqda shanba kuni Qozog‘istondagi Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.
“Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman Arujan Sainning so‘zlariga ko‘ra, 5 yanvar kuni Olmaotada bir bola o‘q tegishi oqibatida qurbon bo‘lgan. Ota-ona farzandi bilan ketayotgan paytda uzilgan o‘q 11 yoshli qozog‘istonlik umriga zomin bo‘ldi, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 7 yanvar kuni 15 yoshli o‘smir ham Olmaotadagi bolalar shifoxonalaridan biriga og‘ir o‘q jarohati bilan olib kelingan. Shifokorlar uning hayoti uchun kurashmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, o‘smir otasi bilan birga mashinada ketayotganda bosqinchilar mashinani o‘qqa tutgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 10 yanvarni respublikada milliy motam kuni deb e’lon qildi.