Oliy ta’limda yangi davr: qamrov, imkoniyat va natija
Mustaqilligimizning 35 yilligi bosib o‘tilgan yo‘lni inson hayotidagi o‘zgarishlar bilan baholaydigan tarixiy palladir. Istiqlol yillarida ta’lim millat taraqqiyotining muhim tayanchiga aylandi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar minglab yoshlarga yangi imkoniyatlar ochdi. Endi asosiy vazifa yaratilgan imkoniyatni sifatli bilimga, sifatli bilimni esa mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan natijaga aylantirishdir.
Tahlillarga ko‘ra, 2016-yilda O‘zbekistonda 18–23 yoshli aholining oliy ta’lim bilan qamrovi 7,2 foiz atrofida edi. 2024/2025 o‘quv yili boshiga kelib bu ko‘rsatkich 47,7 foizga yetdi. 2025-yilda mamlakatda talabalar soni 1,7 million nafarga yaqinlashdi, oliy ta’lim tashkilotlari soni esa 207 taga yetdi. Yangi davlat oliygohlarining tashkil etilishi, nodavlat va xorijiy universitetlar faoliyatining kengayishi, qabul parametrlarining oshirilishi va ta’lim shakllarining ko‘payishi oliy ta’limni keng qatlamlar uchun ochiq tizimga aylantirdi.
Hududlarda yangi oliygohlarning tashkil etilishi esa yoshlarning o‘z yashash joyiga yaqin hududda tahsil olish imkoniyatini kengaytirdi. Kechki, sirtqi va masofaviy ta’lim shakllari esa ishlayotgan yoki turli sabablarga ko‘ra kunduzgi ta’limda o‘qiy olmaydigan fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi. Biroq nodavlat va xorijiy oliygohlar sonining ortishi o‘z navbatida raqobat muhitini kuchaytirdi. Bu oliygohlardan ta’lim dasturlarini yangilash, mehnat bozori talablariga moslashish va sifat uchun kurashishni talab qilmoqda.

Hozir oliy ta’lim qamrovining o‘sishi faqat statistik ko‘rsatkich emas. Har bir raqam ortida bir yoshning orzusi, bir oilaning umidi va yangi hayot yo‘li bor. So‘nggi yillarda xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar va boshqa toifalar uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qator mexanizmlar joriy etildi. Davlat grantlari, ta’lim kreditlari, stipendiyalar va manzilli ijtimoiy ko‘mak ta’lim olishdagi iqtisodiy to‘siqlarni kamaytirmoqda.
Talabalar sonining ko‘payishi ta’lim sifati avtomatik ravishda oshganini anglatmaydi. Zamonaviy universitet bitiruvchidan nafaqat bilim, balki mustaqil fikrlash, muammoni hal qilish, axborotni tahlil qilish, jamoada ishlash va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish qobiliyatini ham talab qiladi. Shu bois ta’lim jarayonida bilimni yodlashdan ko‘ra, uni amaliyotda qo‘llashga ko‘proq e’tibor qaratish zarur.

Sifatli ta’limning asosiy omillaridan biri professor-o‘qituvchilarning salohiyatidir. Ilmiy izlanish bilan shug‘ullanadigan, zamonaviy metodikalarni o‘zlashtirgan ustoz talabani ham izlanishga, dalil bilan fikrlashga va mustaqil xulosa chiqarishga o‘rgatadi. Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, katta ma’lumotlar va yangi texnologiyalar rivojlanayotgan sharoitda ta’lim dasturlarini muntazam yangilab borish, ish beruvchilarni kadrlar tayyorlash jarayoniga jalb etish va bitiruvchilar bandligini ta’lim sifati ko‘rsatkichlaridan biri sifatida baholash muhim ahamiyat kasb etadi.
Respublikadagi islohotlarning hududiy ifodalaridan biri — Chirchiq davlat pedagogika universiteti. Uning tarixi 2017-yil 27-iyulda Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti tashkil etilganidan boshlandi. Asosiy vazifasi o‘shanda hududiy ta’lim muassasalarini, ayniqsa, aniq fanlar va xorijiy tillar bo‘yicha malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash edi. 2022-yilda institut negizida Chirchiq davlat pedagogika universiteti tashkil etildi. Bu ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish va pedagogik innovatsiyalarni rivojlantirish uchun yangi bosqichni boshlab berdi.
Bugun universitetda 22 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda. Ular orasida mamlakatning turli hududlaridan kelgan yoshlar bor. Universitetda pedagogika, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim, maxsus pedagogika, gumanitar, aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar, san’at hamda zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanmoqda. Bu holat CHDPUning vazifasi faqat Toshkent viloyati uchun kadrlar tayyorlash bilan cheklanib qolmayotganini ko‘rsatadi.

Aslida pedagogika universitetining haqiqiy natijasi uning auditoriyasida emas, maktabda namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan CHDPUda shakllangan “Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri” alohida ahamiyatga ega. Universitet, maktab, ilmiy tadqiqot va amaliyotning o‘zaro bog‘lanishi bo‘lajak pedagoglarni haqiqiy ta’lim muhitiga yaqinlashtiradi. “Maktab-laboratoriya” maydonchalarida talabalar nazariy bilimlarini amaliyotda sinab ko‘radi, pedagogik muammolarni o‘rganadi va ularga yechim izlaydi.
Bunday yondashuv o‘qituvchini tayyor metodikani takrorlaydigan, ijrochidan vaziyatni tahlil qiladigan va yangi yechim topa oladigan mutaxassisga aylantirishga xizmat qiladi. CHDPU uchun eng muhim vazifalardan biri — universitetda yaratilgan ilmiy va metodik ishlanmalarni maktab amaliyotiga olib kirish, maktabdagi muammolarni esa ilmiy tadqiqotlar uchun asos sifatida o‘rganishdir.
Bugungi o‘quvchi axborot va raqamli texnologiyalar muhitida ulg‘aymoqda. Demak, zamonaviy pedagog ham fanni bilish bilan cheklanmasdan, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan oqilona foydalanishi, tanqidiy va ijodiy fikrlashi, doimiy o‘rganishi va yangi sharoitlarga moslasha olishi kerak. CHDPUda axborot-resurs markazi, laboratoriyalar, ilmiy to‘garaklar, akademik mobillik va innovatsion loyihalar talabalarning ana shu salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Axborot-resurs markazi fondida 182 mingdan ziyod adabiyot mavjud bo‘lib, elektron va audiovizual resurslar ham talabalar ixtiyorida.

Oliy ta’limdagi yangi bosqichni shartli ravishda quyidagi zanjir orqali ifodalash mumkin: qamrov → imkoniyat → sifatli ta’lim → kasbiy kompetensiya → raqobatbardosh mutaxassis → maktab va jamiyat taraqqiyoti. Bu zanjirning har bir bo‘g‘ini muhim. Qamrov yoshga eshik ochadi, imkoniyat uning salohiyatini rivojlantiradi, sifatli ta’lim raqobatbardosh mutaxassisni shakllantiradi, natija esa jamiyatda namoyon bo‘ladi.
Endi asosiy maqsad — ko‘proq talabani qabul qilish emas, har bir yoshning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, uni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh mutaxassis sifatida tayyorlashdir. Zero, oliy ta’limga qamrovning oshishi tarixiy imkoniyat yaratdi. Endi ana shu imkoniyatni inson kapitaliga, ilmiy tafakkurga va mamlakat taraqqiyotiga aylantirish davri keldi.
G‘afurjon Muhamedov,
Xalq deputatlari Toshkent
viloyati Kengashi deputati,
Chirchiq davlat pedagogika
universiteti rektori,
O‘zA