Oliy ta’lim: xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta’lim, ilm-fan hamda innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Andijon davlat texnika instituti 2019-yildan buyon Xitoy Xalq Respublikasining Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mazkur hamkorlik doirasida bugungi kunga qadar 22 nafar talaba qo‘shma ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlab, O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalarining diplomiga ega bo‘ldi.
Bugungi kunga kelib, hamkorlikning yangi bosqichi doirasida Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti bilan 2+2 qo‘shma bakalavriat ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Mazkur dastur asosida talabalar dastlabki ikki yil Andijon davlat texnika institutida, keyingi ikki yilda esa Xitoyda hamkor universitetda tahsil olib, ikkita diplom olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Dastur doirasida “Axborot tizimlari va texnologiyalari” hamda “Mexatronika va robototexnika” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarni qabul qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, joriy yilda Andijon davlat texnika institutida Xitoy tili markazini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Mazkur markaz talabalarning xitoy tilini chuqur o‘rganishi, akademik almashinuv dasturlarida faol ishtirok etishi hamda Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.


Ta’lim sohasidagi ushbu hamkorlik professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali yanada mustahkamlanmoqda.
Andijon davlat texnika instituti professor-o‘qituvchilarining Xitoy Xalq Respublikasida tashkil etilgan xalqaro malaka oshirish dasturidagi ishtiroki o‘zaro hamkorlikning amaliy namunasi bo‘ldi.
Andijon davlat texnika institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari Xitoy Xalq Respublikasining Xefey shahrida tashkil etilgan “Yangi energiya manbali avtomobillarning asosiy texnologiyalari” mavzusidagi xalqaro malaka oshirish dasturida qatnashdi. Dastur doirasida ishtirokchilar elektr va gibrid avtomobillarning zamonaviy konstruksiyasi, quvvat batareyalari va texnologiyalari, intellektual transport tizimlari, nosozliklarni diagnostika qilish hamda texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamladi.


Shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar jarayonida yangi energiya manbali avtomobillarni diagnostika qilish, sanoat robotlarini boshqarish va dasturlash hamda transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganildi.
Dastur doirasida institut vakillari Xefey shahridagi BYD va CHANGAN avtomobil ishlab chiqarish bazalariga tashrif buyurib, elektromobillarni ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalari, yuqori samarali ishlab chiqarish jarayonlari hamda innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishdilar.

Mazkur xalqaro malaka oshirish dasturi institut professor-o‘qituvchilarining kasbiy bilim va salohiyatini oshirish, yangi energiya manbali transport vositalari bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni ta’lim va ilmiy faoliyatga tatbiq etish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri