Oliy ta’lim sohasida raqamlashtirish istiqbollari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommnikaiyalar agentligida Oliy ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida «Oliy ta’lim sohasida raqamlashtirish: natijalar va istiqboldagi vazifalar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
bugungi kunda oliy ta’lim muassasalaridan olinadigan turli hisobot va ma’lumotlar sonini keskin kamaytirish, ularni tayyorlashning qog‘oz shaklidan voz kechish, boshqaruv tizimini raqamlashtirish maqsadida Raqamli universitet loyihasi doirasida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” ishlab chiqildi. Ushbu axborot tizimi “Ma’muriy”, “O‘quv”, “Ilmiy” va “Moliyaviy” jarayonlarini boshqarish modullarini o‘z ichiga oladi.
Matbuot anjumanida 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab mazkur tizimni bosqichma-bosqich oliy ta’lim muassasalarida joriy etish orqali: “O‘quv jarayoni” modulida guruh jurnali, dars jadvali, imtihonlar jadvallari, talabaning reyting daftarchasi, o‘zlashtirish qaydnomalari, davomat hisobotlari, diplom va akademik ma’lumotnomalar raqamlashtiriladi. Shuningdek, “Ma’muriy jarayoni” modulida oliy ta’lim muassasasi strukturasi, talabalar kontingenti va ularning harakati, professor-o‘qituvchilar tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuritish hamda hisobotlarni tayyorlash raqamlashtiriladi. Bundan tashqari, “Ilmiy jarayon” modulida professor-o‘qituvchilarning ilmiy loyihalari, maqolalari va ilmiy-uslubiy nashrlari, ilmiy izlanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda o‘qituvchilar va kafedralarning ilmiy reytingini baholash masalalari raqamlashtiriladi.
– Axborot tizimining “O‘quv jarayoni” moduli 2020/2021 o‘quv yilida kredit-modul tizimiga o‘tkazilgan 50 ta davlat OTMda joriy etildi. Shuningdek, “Ma’muriy jarayon” moduli respublika bo‘yicha barcha OTMda joriy etildi hamda 30 402 nafar o‘qituvchi va 656 502 nafar talaba to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantirildi, – deydi oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov. – 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab barcha davlat OTMda talabalar o‘quv varaqasi, guruh jurnali, reyting daftarchasi, akademik ma’lumotnoma, dars jadvali, davomat va o‘zlashtirishga oid ma’lumotlar, to‘lov-kontrakt shartnomalari hamda aylanma varaqalari raqamlashtiriladi. O‘n mingta talabasi mavjud OTMda qog‘oz ko‘rinishida yuritiladigan hujjatlar bekor qilinishi hisobiga bir o‘quv yilida o‘rtacha 90 mln. so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ iqtisod qilinadi.
Anjumanda bildirilgan fikrlarga ko‘ra, axborot tizimi OTMning milliy reytingi onlayn hisobotlarini shakllantirish orqali ularning faoliyatini onlayn rejimda tahlil qilib borish imkoniyatini beradi. Shuningdek, Oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalari talaba va o‘quvchilarining yagona ma’lumotlar bazasi Moliya vazirligining “Yagona ijtimoiy himoya reyestri”, Mehnat vazirligining “Yoshlar daftari”, Toshkent shahar hokimligining Geoaxborot tizimi, Xalq ta’lim vazirligining “attestat.edu.uz” tizimi, Elektron hukumatning yagona idoralararo tarmog‘i bilan integratsiya qilindi.
Anjuman davomida talabalarning to‘lov-kontrakt pullarini to‘lashdagi qulayliklar haqida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab talabalarning QR-kodli to‘lov-shartnomalarini shakllantirish imkoniyati yaratildi. Birinchidan, Markaziy bank va Moliya vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi QR-kodli to‘lov-shartnomalarini o‘zaro tan olishi kelishilganligi natijasida talabalar va ularning ota-onalari 2021/2022 o‘quv yilidan joriy etilgan imtiyozli ta’lim kreditlarini respublikaning istalgan hududidagi belgilangan tijorat banklaridan olish uchun murojaat qilishi mumkin. Ikkinchidan, OTMda taqdim etilgan to‘lov-shartnoma to‘lovlari monitoringi yuritiladi. Uchinchidan, talabalar o‘zlarining profillari orqali to‘lov-shartnomalari uchun buyurtma berish, ularni onlayn ko‘rinishda oladi va to‘lovlar monitoringini olib boradi. Bundan tashqari, talabalarga to‘lov-shartnomalarini qog‘oz ko‘rinishida OTMdan borib olish bilan bog‘liq ma’muriy to‘siqlar (navbatda turish, transport xarajatlari) uchun sarflanadigan vaqt va xarajatlar iqtisod qilinadi.
Anjuman yakunida onlayn qabul tizimlari, uning abituriyentlarga bergan afzalliklari, diplom ma’lumotlarini raqamlashtirish, raqamlashtirish bo‘yicha rejalashtirilgan loyihalar, raqamli kutubxona to‘g‘risida haqida ham so‘z yuritildi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA