Oliy ta’lim: sifat va samaradorlik
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi Ishchi guruhi tomonidan Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim sifati o‘rganilmoqda.
Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini tubdan isloh etish, sohaga innovatsion ish uslublarini joriy etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni ommalashtirish, ta’lim sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim sifati bo‘yicha o‘rganish davomida mavjud muammolar, pedagoglar malakasi, o‘quv jarayoni bilan bog‘liq masalalar tanqidiy tahlil etilayotir. Bu borada oliy o‘quv yurtlarida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ko‘rsatilib, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar yuzasidan tavsiyalar berilmoqda.
O‘rganish davomida bildirilgan taklif, fikr va mulohazalar asosida Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi tomonidan viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari fakultetlar dekani, kafedra mudiri va bo‘lim boshliqlari ishtirokida «Oliy ta’limda ta’lim sifati samaradorligini oshirish va personalni boshqarish» mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Ayni kunda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, yangiliklar o‘qituvchining kasbiy malakasi hamda salohiyatini shakllantirish va mustahkamlashga yordam beradi.
[gallery-6414]
– O‘qituvchi o‘z bilimini o‘quvchiga berish jarayonida uning shaxsi, qiziqishini o‘rganish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishi kerak, – deydi Andijon davlat universiteti Pedagogika instituti direktori Baxtiyor Rasulov. – Bu birinchi navbatda o‘qituvchidan nafaqat bilimli bo‘lish, balki o‘qitish jarayonida yangiliklar, ilg‘or va innovatsion ish uslublaridan keng foydalanish, o‘quvchilar bilan ishlash borasidagi malaka va salohiyatni yuksaltirishni talab etadi.
Seminarda Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi direktori o‘rinbosari Muzaffar Esonov hamda soha mutaxassislari tomonidan ta’lim jarayoniga ta’sir etuvchi omillar, xususan, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, moddiy-texnik bazadan foydalanish, uslubiy ta’minot masalalari bo‘yicha ma’lumot berildi. Shuningdek, seminar-treningda talabalarni baholash tizimini takomillashtirish, ularga motivatsiya berish, modul-kredit tizimida baholash, yoshlarni darslarga jalb etishda innovatsion uslublardan foydalanish yuzasidan ham fikr almashildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA