Oliy ta’lim samaradorligi – islohotlar talabi
Munosabat
Prezidentimiz O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrigini yo‘llar ekan, o‘tgan yil mamlakatimiz uchun qutli va barakali bo‘lganini, mehnatkash xalqimizning fidokorona mehnati, siyosiy-ijtimoiy faolligi bilan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi real voqelikka aylanayotganini ta’kidladi.
Ma’lumki, har bir mamlakatning, jamiyatning taraqqiyoti u yerdagi ilm-fanning qay darajada rivoj topgani bilan uzviy bog‘liq. Ilm va ta’limga qaratilayotgan e’tibor o‘sha davlatning ertangi kunini belgilab beradi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barcha jabhalarda olib borilayotgan islohotlarning mazmuni, maqsadi inson manfaati, jamiyat rivoji, davlat taraqqiyotiga qaratilgan.

Xususan, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali bugungi kunda tog‘-kon sanoati uchun yetuk malakali, raqobatbardosh muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Bugungi kunda filialda 3 ta fakultet, 10 ta kafedra mavjud bo‘lib, 11 ta bakalavr, 6 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlarida talabalar tahsil olmoqda. 2024-2025 o‘quv yili uchun filialga konchilik ishi (faoliyat turlari bo‘yicha), konchilik elektr mexanikasi, kimyo muhandisligi, metallurgiya muhandisligi, metallar texnologiyalari, texnologik mashinalar va jihozlar, mexanika muhandisligi, elektr muhandisligi, energetika muhandisligi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabul qilindi. 6 ming nafardan ortiq talabaga 166 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillar oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – malakali va zamonaviy bilimga ega kadrlar tayyorlashda dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu orqali oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari professor-o‘qituvchilarning ilmiy va akademik tajribasini orttirishi uchun imkoniyat yaratishdir.
TDTU Olmaliq filiali ilmiy izlanishlar va xalqaro hamkorliklar borasida salmoqli yutuqlarga erishib kelmoqda. Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati yuqori bo‘lgan 5 ta amaliy loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar Toshkent viloyatida energiya tejash ishlarida ham faoliyat yuritib, hududda energiya resurslaridan samarali foydalanilishiga erishishga hissa qo‘shmoqda.

Hozirda, ixtiro, foydali model, sanoat namunalari va seleksiya yutuqlari uchun jami 12 ta patent, AKTga oid dasturlar va elektron ma’lumotlar bazalari uchun olingan guvohnomalar, mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan turli materiallar 45 tani tashkil etadi.
2024 yilning 15-16 may kunlari “Mineral xom-ashyolar va texnogen chiqindilarni samarali qayta ishlashning muammolari, istiqbollari va innovatsion yechimlari” mavzusida respublika ilmiy-texnik, yoshlar uchun ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi. Bugungi kunda filialimizda bakalavr yo‘nalishida jami 6 ming 80 nafar talaba ta’lim olmoqda. Iqtidorli yoshlar jamiyatning, har bir oilaning faxri, kelajagi hisoblanadi.

Talabalarimiz respublika miqyosida o‘tkazilgan tanlovlar, sport musobaqalarida faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallamoqda. Ikki yuzga yaqin oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan intellektual “Zakovat” o‘yinlarida filialimizning “Parvoz” klubi bir necha bor gran-pri sovrindorlari bo‘ldi.

Ilm-fanga qiziqishi, intilishi kuchli bo‘lgan, ma’lum yutuqlarga erishgan hamda ijodiy qobiliyati bilan filial ma’naviy-ma’rifiy hayotida faol qatnashayotgan talabalar tahsil olgan maktablarda ham “Talaba o‘qigan maktab” loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi barcha tadbirlar mazmun-mohiyati talaba-yoshlarning qobiliyatini kashf etish va namoyon etishlariga qaratilgan. Dunyoqarashi keng, ijodkor, bilimli, kitobxon yoshlar safini kengaytirish hamda yetuk, mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda filiali jamoasi sidqidildan mehnat qilmoqda.
Alisher Samadov,
TDTU Olmaliq filiali direktori, professor.
O‘zA