Oliy ta’lim rivoji – kelajagimiz poydevori
Globallashuv sharoitida mamlakatimizning kelajagini tashabbuskor, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Shuning uchun ham mamlakatimizda ta’limning barcha bo‘g‘inlari rivojiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa, oliy ta’limni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.
Konsepsiyada mutaxassislarni mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar bo‘lishiga qaratilgan choralar belgilangan. Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash, oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish ham nazarda tutilgan.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 16 iyun kuni oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aynan yuqorida qayd etilgan konsepsiya doirasida talaygina ishlar amalga oshirilgani qayd etib o‘tildi.
Jumladan, keyingi 3 yilda oliy ta’lim muassasalari soni 65 tadan 117 taga yetdi. Qabul o‘rinlari 66 mingtadan 181 mingtaga oshdi. Ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Xorijiy mamlakatlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida 64 yangi kasb bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Professor-o‘qituvchilarning maoshi o‘rtacha 3,5 baravarga oshirildi.
Sohani sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarish esa bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas vazifalaridandir. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbari sohadagi 4 ustuvor vazifani ko‘rsatib o‘tdi.
Birinchisi, oliy ta’lim muassasalari boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish bo‘lsa, ikkinchisi o‘quv jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta’minlash va talabaning o‘z ustida ishlashi uchun muhit yaratishdir.
O‘z navbatida, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qog‘ozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Bu vazifalarni bajarish uchun esa, har bir oliy o‘quv yurti, uning boshqaruv tizimidan tortib, professor – o‘qituvchilari, ta’lim jarayonini tashkil etishga daxldor bo‘lgan har bir xodimi o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan qarashi shart. Zero yurtboshimiz ta’kidlaganidek, nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun, avvalo, ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi.
Oliy ta’lim muassasalariga akademik va tashkiliy-boshqaruv bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolatining berilishi masala yechimiga qaratilgan eng to‘g‘ri yo‘ldir. Aynan o‘quv jarayonini tashkil etishda o‘quv rejasi va adabiyotlar, fan dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi hamda ta’lim shakllarini belgilashni ta’lim muassasasi boshqaruv kengashiga berilishi va hal etilishi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni olib tashlash uchun zamin yaratadi.
Shu o‘rinda bugungi kundagi 815 yo‘nalishning 55 foizi mehnat bozori talablariga javob bermayotgani, ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlanayotgan kadrlar amaliyotda o‘z o‘rnini topa olmay, butunlay boshqa sohalarda ishlayotganligi bugungi kunning og‘riqli nuqtalaridan biridir.
Demak, endi oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashning maqsadli mezonlarini shakllantirish, oliy ta’lim muassasalaridagi ixtisoslik yo‘nalishlari, mutaxassisliklarni hududlar, sohalar bo‘yicha joriy etilayotgan dasturlarning talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda belgilashni taqoza etadi.
Respublikamiz oliy o‘quv yurtlari ichida Toshkent davlat yuridik universiteti kredit modul tizimini qo‘llagan, moliyaviy mustaqillik, ya’ni o‘zini-o‘zi moliyaviy jihatdan qoplash tizimiga o‘tgan.
Buyuk Britaniyaning oliy ta’lim sohasiga oid muhim masalalarni yorituvchi va universitetlar faoliyatini baholab boruvchi Times Higher Education tashkiloti THE Impact Ranking reytingi natijalari bo‘yicha universitet dunyoning 94 ta mintaqa va davlatlaridan qatnashgan minglab universitetlar orasida 401-o‘rinni egallagan.
Korrupsiyani oldini olish maqsadida talabalarning fan modullarini o‘zlashtirish natijalarini aniqlash bo‘yicha oraliq, yakuniy nazorat ishlari kodlashtirilib, to‘liq raqamlashtirishga o‘tkazilgan. Shu bilan birga universitetga o‘qishga qabul qilish jarayonida inson omilini, ya’ni o‘qishga arizani qabul qilishdan tortib test sinovlarini topshirish, ularning javoblarini olishgacha bo‘lgan jarayonda universitet professor-o‘qituvchilarining, xodimlarining ishtirokisiz amalga oshirilishini joriy qilgan oliy o‘quv yurtlaridan biridir.
bugungi kunda universitet jamoasi oldida har bir kafedraning faoliyati uning ilmiy salohiyati va yoshlarni seleksiya asosida ilmiy faoliyatga jalb etish ko‘rsatkichlariga qarab baholanishi yo‘lga qo‘yilishi, kafedralar huzurida ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etib, ularni o‘quv-laboratoriya jihozlari va zarur texnika bilan ta’minlash vazifasi turibdi.
Professor o‘qituvchilarning xorijiy davlatlarning nufuzli ta’lim muassasalarida malaka oshirishi, xorijiy davlatlarning yetuk ko‘zga ko‘ringan olimlarini o‘quv jarayonlariga ma’ruzalar, vebinarlar o‘tkazish uchun jalb qilishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Universitetni xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingiga kirishi uchun bor imkoniyatlar ishga solinadi.
X.BURHONXO‘JAEVA,
TDYUU dotsenti.
O‘zA