Oliy sudda Abdulla Oripov she’riyati
Shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni, davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov tavalludi kuni keng nishonlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida joylarda ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Shu munosbat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida tadbir bo‘lib o‘tdi. Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi tinglandi va shoir hayotiga oid viderolik namoyish etildi.
Shundan so‘ng O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulug‘ova Abdulla Oripovning zahmatli hayoti va ijodi haqida to‘xtaldi. Alisher Navoiy hazratlaridan so‘ng, oradan besh yuz yil o‘tib, adabiyotimiz osmonida yarqirab paydo bo‘lgan yulduz, deya ta’riflangan Abdulla Oripov she’riyati naqadar betimsol va qudratli ummon ekanidan dalolatdir.
Tadbirda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori, shoirning shogirdlaridan biri Muhammad Ismoil so‘zga chiqib, Abdulla Oripovning dahosi adabiyot va sheriyat singari mangu ekanligi, o‘zbek degan millat yorug‘ jahonda mavjud ekan, Abdulla Oripov ism va she’riyati ham abadiy yashajagini e’tirof etdi. Ustozga bag‘ishlangan she’rlaridan o‘qidi.
Darhaqiqat, shoirning o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi beqiyos. Uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos o‘rni haqida hali ko‘p gapiriladi.
Tadbir yakunida “Odil sudlov” – “Pravosudiye” jurnalining 25 yillik yubiley bayrami munosabati bilan shaxmat bo‘yicha sudya va sud xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Oliy sud raisi kubogi”ning final bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.
Z. Qo‘ziboyev,
Oliy sud boshqarma katta konsultanti