Oliy sud raisining o‘rinbosari talabalarning yashash sharoiti bilan tanishdi
Mas’ullarning aholi bilan bevosita muloqoti kuchaymoqda. Oliy sud vakilining talabalar yotoqxonasiga tashrifi yoshlar hayotidagi yangi o‘zgarishlardan darak beradi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mas’ullarning quyi bo‘g‘inga tushib, muammoni joyida o‘rganish va unga yechim berish chora-tadbirlari takomillashib bormoqda. Natijada aholi murojaatlari o‘z vaqtida hal etilmoqda. Samaradorlik ham ijobiy tus olmoqda.
Ana shunday islohotlarning amaliy ifodasi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmanov Yakkasaroy tumanida bo‘lib, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalar turar joyi bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida talaba-yoshlar uchun yaratilgan yashash va dam olish sharoitlari, mavjud imkoniyatlar hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, talabalar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, ularning ma’naviy-ma’rifiy hayotini qo‘llab-quvvatlash hamda bo‘sh vaqtlarini foydali mashg‘ulotlar bilan boyitishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar ularning sifatli ta’lim olishi, ijtimoiy faolligi va har tomonlama kamol topishida muhim omil ekani ta’kidlandi.
Sherbek Islomov, O‘zA