Oliy darajadagi uchrashuv natijalari ikki tomonlama hujjatlar bilan mustahkamlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashni ta’sis etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.
Bundan tashqari, ko‘p qirrali va uzoq muddatli sheriklikning turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolandi. Xususan:


– Imtiyozli savdo bitimi doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish to‘g‘risidagi bayonnoma;
– Ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim va uni amalga oshirish bo‘yicha ma’muriy bitim;
– 2022-yil 29-martda imzolangan davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalarining o‘tishi haqida oldindan axborot almashish to‘g‘risidagi bayonnomaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qo‘shimcha bayonnoma.


Imzolangan hujjatlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, ishbilarmon doiralar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ikki mamlakat fuqarolarining ijtimoiy huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan.